14:37 / 22.06.2016
5150

AQShda elektromobillar sababli benzinga bo‘lgan talab 20 foizga kamayishi mumkin


AQShda benzinga bo‘lgan talab 2035 yilga borib 20 foizga kamayishi mumkin. Bunga elektromobillar savdosining tobora avj olayotgani sabab bo‘ladi, deb xabar qilmoqda MarketWatch nashri Wood Mackenzie firmasi tahlilchilariga asoslangan holda. 

Ekspertlarning fikricha, elektromobillar ishqibozlari uchun maqbul bo‘lgan holatda, ya'ni uzoq masofaga yura oladigan, ammo birmuncha arzon elektromobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan taqdirda, bu kabi transport vositalarining Amerika bozoridagi ulushi kelasi 20 yilda 35 foizga ortadi. Shunga ko‘ra, benzin iste'moli 5 martaga kamayishi mumkin. 

Biroq, tahlilchilarning fikricha, 2035 yilga kelib elektrokarlar Amerika avtomobil bozorining 10 foizga yaqinini tashkil etishi mumkin. Bunda benzinga bo‘lgan talab 5 foizga kamayadi. 

Ayni vaqtda, AQShda sotilayotgan jami avtomashinalarning atigi 1 foizdan kamrog‘i elktromobillar hissasiga to‘g‘ri keladi. Batareyalar quvvatining kichikligiga qaramay, ancha qimmatligi, ularning savdosi rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda. Bundan tashqari, arzonlashgan benzin ham elektrokarlar bozoriga salbiy ta'sir ko‘rsatgan. 

Ammo, yaqin orada birmuncha arzon va uzoqroq yura oladigan elektromobillar paydo bo‘lishi kutilayapti.

Top