16:01 / 23.06.2016
20585

Islom Karimov Tojikiston rahbari bilan uchrashdi

O‘zbekiston respublikasi prezidenti Islom Karimov 23 iyun kuni Ko‘ksaroyda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Toshkentga tashrif buyurgan Tojikiston respublikasi prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

Emomali Rahmon bilan uchrashuvda o‘zbek va tojik xalqlarini azaliy do‘stlik va qo‘shnichilik rishtalari, madaniyat va an'analar uyg‘unligi bog‘lab turishi ta'kidlandi. 

Bugungi kunda O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi hamkorlik ko‘plab sohalarda izchil rivojlanib, o‘zaro savdo aylanmasi muttasil o‘sib bormoqda. 2016 yilning dastlabki to‘rt oyida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 17,6 foiz oshdi. 

Uchrashuvda ikki mamlakatda hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘pligi, ularni ishga solish ikki tomon uchun ham manfaatli ekani ta'kidlandi. Savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. 

Emomali Rahmon Tojikiston O‘zbekiston bilan hamkorlikni yuksak qadrlashini, ushbu uchrashuv o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyat bo‘lganini ta'kidladi. U mazmunli uchrashuv uchun O‘zbekiston prezidentiga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Top