08:03 / 24.06.2016
4402

Xitoy sharqidagi quyun 78 kishining umriga zomin bo‘ldi

Xitoyning Yanchen shahri va sharqiy viloyatlaridagi boshqa hududlarda yarim asr ichida sodir bo‘lgan eng kuchli quyun oqibatida halok bo‘lganlar soni 78 kishiga yetdi. "Sinxua" axborot agentligining ma'lum qilishicha, yana 500 kishi jarohat olgan. 

Hukumat ma'lumotlariga ko‘ra, 200 ga yaqin jabrlanganlar o‘ta og‘ir jarohatlar olgan va ularning ahvollari juda og‘ir. Ayni vaqtga kelib qidiruv-qutqaruv operatsiyasi hali yakunlanmagan, shuning uchun hukumat qurbonlar soni oshishi mumkinligidan xavfsiramoqda. Bir qator aholi punktlarida elektr ta'minoti uzilgan.

Quyun Tszyansu viloyatining bir necha hududlariga kuchli jalalar va do‘llar bilan yopirilgan. Guvohlarning aytishicha, shamol avtomobillarni to‘ntarib, daraxtlarni qo‘porib, tomlarni uchirib yuborgan. Hukumat jabrlangan hududlarga insonparvarlik yordamini, jumladan minglab chodirlar va 2 ming karavot jo‘natgan.

China Daily gazetasining ma'lum qilishicha, quyun ikkita zavodni ham vayron qilgan. Nashrning ta'kidlashicha, zavodlarda "xavfli kimyoviy moddalar" saqlangan, biroq hozirda fojia oqibatida bu moddalarning atrof-muhitga sizib chiqishi yuz berganligi noma'lumligicha qolmoqda. 

Ob-havo mutaxassislarining ma'lumotlariga ko‘ra, shamolning ba'zi hududlardagi tezligi 35 m/soniyani tashkil qilmoqda. Yanchen shahridagi bu quyun 1966 yildan beri eng kuchlisi bo‘lgan.

Top