18:27 / 24.06.2016
5861

Toshkentda ShHT banklararo birlashmasi kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

 Toshkentda 22-23 iyun kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Banklararo birlashmasi kengashining O‘zbekiston raisligida navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.  

Unda ShHT Bosh kotibi R.Alimov, Qozog‘iston taraqqiyot banki, Qirg‘iziston Respublikasining “RSK Banki”, Xitoy Davlat taraqqiyot banki, Rossiyaning Taraqqiyot va tashqi iqtisodiy faoliyat banki (Vneshekonombank) davlat korporatsiyasi, Tojikiston Respublikasining “Amonatbonk” davlat jamg‘arma banki, O‘zbekiston Respublikasining Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, shuningdek, sherik banklar sifatida “Belarusbank” jamg‘arma banki, Pokistonning “Habib Bank Limited” banki va Mo‘g‘uliston taraqqiyot banki rahbarlari ishtirok etdi.
 
Yig‘ilishda ShHT Banklararo birlashmasi kengashiga raislik qiluvchi bank vakilining ushbu bosqichda O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki raisligida amalga oshirilgan ishlar natijalari to‘g‘risidagi hamda kengashning boshqa a'zolari va ShHT Banklararo birlashmasining sherik banklari vakillarining joriy hamda istiqboldagi faoliyat masalalari bo‘yicha ma'ruzalari tinglandi. Tomonlar investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish borasida, ShHT makonida va Osiyo mintaqasida faoliyat ko‘rsatayotgan xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni faollashtirish muhimligini ta'kidladi. Shu bilan birga, ShHT Banklararo birlashmasini o‘rta muddatli istiqbolda yanada rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish masalasi muhokama etildi.  

ShHT Banklararo birlashmasi kengashi yig‘ilishida tomonlar so‘nggi yillarda ShHTda kuzatuvchi davlatlar va muloqot bo‘yicha sheriklar moliya institutlari bilan o‘zaro hamkorlik rivojlanib borayotganidan qoniqish hosil qildi. Yig‘ilishda Mo‘g‘uliston taraqqiyot bankiga ShHT Banklararo birlashmasining sherik-banki maqomini berish to‘g‘risidagi qaror imzolandi.

Google image

Top