19:45 / 24.06.2016
19289

Toshkent shahri ko‘chalarida yopiq oynavand bekatlar paydo bo‘lmoqda

O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida avtomobil yo‘llarining keng ko‘lamli ta'mirlanishi barobarida jamoat transporti bekatlari yangilanmoqda. 

«Gazete.uz» nashrining Toshkent shahri hokimiyati obodonlashtirish bosh boshqarmasiga asoslanib xabar qilishicha, bosqichma-bosqich ravishda shahardagi barcha bekatlar foydalanuvchilar uchun qulay holatga keltiriladi.

Zamonaviy bekatlarda avvalgi quyosh va yomg‘irlardan himoya qilish uchun yuqori qismida faqat bostirma bo‘lgan eski bekatlardan farqli ravishda ikki yonida shishavand panellar o‘rnatilgan. Bekatlarda o‘rindiqlar, transportlarning harakatlanish yo‘nalishlari ko‘rsatilgan xarita ham mavjud.

Bugungi kunda Toshkent shahrida 2000dan ortiq bekat borligi hisoblab chiqilgan. Toshkentning 11ta tumanida joylashgan 429ta avtobus bekati Toshkent shahri hokimiyati obodonlashtirish bosh boshqarmasi tasarrufida. Yana 639ta bekat tuman hokimiyatlari obodonlashtirish boshqarmalari ixtiyorida.

200ga yaqin shisha va metalldan iborat bekat shahar hokimligi bilan shartnoma asosida JCDecaux UZ kompaniyasi tomonidan o‘rnatilgan. 

687ta bekat tadbirkorlarga ijaraga berilgan. Bu bekatlar ham shisha devor va eshiklar bilan jihozlanib, zamonaviy qiyofa kasb etmoqda.

Keyingi bir necha oy ichida bekatlarda 3000ta chiqindi qutisi o‘rnatildi, yana 2000ta shunday qutilar buyurtma qilingan va barcha bekatlar shunday qutilarga ega bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Shaharning tashqi qismida, Katta halqa yo‘li bo‘ylab joylashgan 113ta bekat «O‘zavtoyo‘l» kompaniyasiga tegishli. 

Top