17:21 / 27.06.2016
4840

Manba: Mamayevning qoshi Slutskiyni himoya qilgan Shirokov tomonidan yorilgan

Rossiya terma jamoasi yarimhimoyachilaridan biri Pavel Mamayevning Yevro-2016 turniri vaqtida qoshi yorilishi trenajyordagi ko‘ngilsiz hodisa tufayli emas, terma jamoaning boshqa bir futbolchisi Roman Shirokov tushirgan musht bilan bog‘liq. Shirokov Mamayevni Slovakiyaga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyatdan keyin terma jamoa bosh murabbiyi Leonid Slutskiyni himoya qilib urgan.

Manbaning voqea guvohlaridan biriga asoslanib xabar qilishicha, Rossiya 15 iyun kuni Slovakiyadan 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchragach, kiyim almashtirish xonasida Mamayev o‘zining bu o‘yinda murabbiy tomonidan faqat ikkinchi bo‘limdagina tushirilganiga uzoq vaqt davomida e'tirozlarini bildirgan. U futbolchilarni ham tanqid qilgan. 

"Slovakiya bilan o‘yindan keyin Mamayev kiyim almashtirish xonasida jig‘ibiyron bo‘la boshladi. U Slutskiy o‘zini o‘yin boshidan tushirmagani uchun asabiylashib, so‘kindi: «O‘lik slovaklar. Ular bilan durang o‘ynashimiz ham uyat. Agar murabbiy manavini (Noyshtedterni ko‘rsatgan) yana maydonga tushirsa, shunday bo‘laveradi».

Murabbiy esa uni tinchlantirishga harakat qilib, jamoa a'zolaridan uzr so‘rashni taklif qilgan.

Bu jarayon keyingi kuni ham, mashg‘ulot arafasida davom etgan va futbolchi murabbiyni haqorat qilishga o‘tgan. U trenajyor zalida Slutskiyning o‘zini bir vaqtlar adolatsizlik bilan TsSKA jamoasining asosiy tarkibidan chiqarib yuborganini eslab o‘tgan va "Sen aslida hech kimsan" degan. 

"Shu vaqtda Shirokovning asablari dosh bermadi. U Pavelning oldiga uchib keldi va uning boshiga zarba berdi. TsSKA futbolchilari Mamayevni qurshab olishdi va u shunday so‘zlarni aytishda davom etsa, yana kaltak yeyishi mumkinligini uqtirishdi", degan guvoh.

Shundan keyingi mashg‘ulotda Mamayev ishtirok etmagan. Uning trenajyor zalida qoshini urib olgani aytilgan.

Murabbiy Uelsga qarshi o‘yinda Mamayevni asosiy tarkibda tushirgan.

"Agar shunchalik zo‘r bo‘lsang, o‘zingni maydonda ko‘rsat", degan Slutskiy.

Terma jamoa a'zolari Slutskiyning bu qaroridan shokka tushishgan.

Uchrashuv rossiyaliklarning 0:3 hisobidagi mag‘lubiyati bilan yakunlandi. Mamayev o‘yin davomida deyarli ko‘rinmadi. U o‘yindan keyinoq  terma jamoa qarorgohini tark etgan va Nitstsaga ta'tilni o‘tkazish uchun yo‘l olgan. U o‘z instagramida jamoaning "bori shu" ekani haqida yozib, "muxlislar sassiq izohlar qoldirishni boshlashi mumkinligi"ni qo‘shimcha qilgan.

«Sport-Ekspress» nashriga bergan intervyusida Rossiya terma jamosi shifokori Eduard Bezuglov futbolchilar o‘rtasida mushtlashuv bo‘lganidan bexabarligini aytgan va Mamayev trenajyor zalida qoshini urib olganini ta'kidlagan.

Mamayevning «Krasnodar»dagi jamoadoshi, islandiyalik Ragnar Sigurdsson «R-Sport» nashriga bergan intervyusida futbolchi terma jamoa ichidagi ziddiyat tufayli jarohatlanishi mumkinligidan hayratdaligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya terma jamoasi Yevropa chempionatining V guruhida oxirgi o‘rinni egallab, muddatidan avval uyga qaytdi. 1-turda Angliya bilan uchrashuvda 1:1 hisobidagi durang qayd etildi. Keyingi 2 turda Slovakiya (1:2) va Uelsdan (0:3) mag‘lub bo‘lindi.

Manba: Tribuna.uz

Top