14:04 / 28.06.2016
10720

Taqiqlagan videolavhalarni O‘zbekistonga olib kirgan shaxs jinoiy javobgarlika tortildi

Qobil Noibov (ism-famliyalar o‘zgartirilgan) Rossiya Federatsiyasiga pul ishlab topish uchun borgan edi. Sankt-Peterburg shahrida “Semya” do‘konida ishchi bo‘lib ishlash bilan bir qatorda, uyali telefonlarni sozlash, ta'mirlash ishlari bilan ham shug‘ullanib keldi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

U qo‘l telefonini ko‘rib qo‘yish taklifi bilan kelgan dog‘istonlik notanish kishi bilan tanishib qoldi. MTS 970 rusumdagi telefonni tuzatish lozimligini eshitganda mehnat haqi 1800 rubl bo‘lishini aytdi.

Oradan bir haftalarcha vaqt o‘tib, telefon egasi telefonini atigi 150 rublga sotmoqchiligini aytdi. Ishlatsa bo‘ladigan, tuppa-tuzuk telefon-ku, degan xayolda uni o‘zi xarid qildi.

2016 yil 13 mart kuni Qobil Noibov Sankt-Peterburgdan Buxoroga uchib kelganida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarini ko‘rib biroz esankiradi. Chunki telefon xotirasida taqiqlangan diniy hamda pornografik mazmundagi videolavhalar borligini va bu qonunga xilof ekanligini u yaxshi bilar edi.

Xavotirlari to‘g‘ri chiqdi. Qobil Noibov olib o‘tishga uringan telefon xotirasi tekshirilganda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertlik xulosasiga ko‘ra, telefondagi ma'lumotlarda diniy adovatni targ‘ib etuvchi g‘oyalar mavjudligi, ushbu materialdagi fayl terroristik tashkilotlarga tegishli ekanligi aniqlandi.

Qonun har qanday g‘ayriqonuniy holatga murosasizdir. Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudi hukmi bilan aybli deb topilgan Q.Noibovga nisbatan eng kam oylik ish haqning 50 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Shu tariqa Q.Noibovga arzonning illati qimmatga tushdi.

Top