13:26 / 30.06.2016
9237

Xitoyda “O‘zbek kinosi kunlari” festivali o‘tkazilmoqda

Xitoy Xalq Respublikasining Pekin, Shanxay va Sian shaharlarida «O‘zbek kinosi kunlari» festivali o‘tkazilmoqda. Madaniy tadbirning tantanali ochilish marosimi 28 iyun kuni Pekin shahrida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zbekkino” Milliy agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Unda Xitoy Xalq Respublikasi Matbuot, noshirlik, radioeshittirish, kinematografiya va televideniye ishlari bo‘yicha Davlat bosh boshqarmasi boshlig‘i Chjan Xunsen, China film promotion kompaniyasi rahbari Jiyao Vang Fen hamda «O‘zbekkino» Milliy agentligi Bosh direktori Atabek Musayev boshchiligidagi o‘zbek kinematografchilaridan iborat delegatsiya ishtirok etdi.

Festival rejissyor Yolqin To‘ychiyev tomonidan suratga olingan «Hayotda...» filmi bilan ochib berildi. Shuningdek, festival doirasida O‘zbekiston kinoijodkorlari tomonidan yaratilgan “Quduq”, «Vijdon», «Ota», «Tubanlik», «Sehrli qalpoqcha» nomli badiiy filmlar xitoylik kinoixlosmandlariga namoyish etiladi.

Tadbirlar doirasida kinematografiya yo‘nalishidagi aloqalarni yanada mustahamlash, hamkorlikda kinofilmlar ishlab chiqarish, kinematografiya obektlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jixozlash bo‘yicha Xitoy Xalq Respublikasi Madaniyat vazirligi, Matbuot, noshirlik, radioeshittirish, kinematografiya va televideniye ishlari bo‘yicha Davlat bosh boshqarmasi hamda bir qator yirik kinostudiyalar rahbarlari bilan muzokaralar olib borish ko‘zda tutilgan.

 

Foto:uzbekkino 

Top