16:37 / 01.07.2016
8407

Ta'til -2016: Andijonda maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Futbol g‘unchasi” musobaqasi yakunlandi

Andijonda bolajonlarning yozgi ta'til mavsumini mazmunli va maroqli o‘tkazishlari uchun turli sport musobaqalari tashkil etilmoqda. Hamkor tashkilotlar viloyat futbol federatsiyasi, “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamg‘armasi hamda “Kamolot” YoIH birgalikda 2004-2005 yilda tavallud topgan bolalar o‘rtasida “Futbol g‘unchasi” turnirini tashkil etdilar.

Bo‘ston dahasida joylashgan bolalar va o‘smirlar futbol maktabi mezbonlik qilgan musobaqada viloyatdagi barcha tuman va shaharlarda faoliyat yurituvchi BO‘SMlarda ta'lim olayotgan futbolchilaridan tuzilgan jami 14 ta jamoa ishtirok etdi. Keskin kurashlarga boy o‘tgan bahslarda o‘z tengdoshlaridan ustun kelgan viloyat BO‘FM hamda Ulug‘nor tumani jamoalari final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdilar.

Turnir g‘olibini aniqlab beruvchi uchrashuvda viloyat BO‘FM tarbiyalanuvchilar ulug‘norlik tendoshlarini 2:0 hisobida yengib bosh sovrin egasi bo‘ldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni mos ravishda Ulug‘nor va Jalaquduqlik yosh futbolchilar egallashdi.

Musobaqaning tantanali yakunida g‘olib va sovrindor jamoalarga tashkilotchilar tomonidan sport anjomlari va diplomlar topshirildi.

- Yozgi ta'til mavsumida yosh avlod vakillari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ular o‘rtasida millionlar o‘yini bo‘lgan futbolni ommaviyligini oshirish maqsadida bir qator musobaqalar o‘tkazishni rejalashtirganmiz, -deydi viloyat futbol federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Alisher Uzoqov. - Bugun yakuniga yetgan bahslar davomida viloyatimizning barcha tumanlarida ko‘plab iqtidorli yetishib chiqayotganiga guvoh bo‘ldik. Ular orasidan saralab olingan futbolchilar bilan viloyat terma jamoasi shakllantiriladi.

 

Elmurod ERMATOV, Andijon.

Top