18:35 / 02.07.2016
10791

Google Play'da dasturlar va o‘yinlarning test versiyalarini o‘rnatish imkoniyati paydo bo‘ldi

Ko‘plab ishlab chiqaruvchilar o‘z ilovalarini sinash uchun avval dastlabki versiyalarni chiqarishadi. Test sinovi ishtirokchilari eng yangi funksiyalarga kirish imkonini birinchi bo‘lib qo‘lga kiritishadi. Beta-versiyalarning bonusi ularning bepulligidadir.  

Ilgari Android uchun beta-versiyalarni topish qiyin edi. Buning uchun "Google+"da ishlab chiqaruvchining sahifasini izlab topish, maxsus havola bo‘yicha o‘tish, so‘ngra test versiyaga ilova yangilanishini kutish talab qilinar edi. Endi esa test sinoviga qo‘shilish uchun zarur bo‘lgan barcha narsalar Google Play'ning ilovalar katalogida mavjud. 

Eng avvalo Google Play'ning bosh ekranida yangi "Beta-versiya sinovi" bo‘limining paydo bo‘lganini e'tirof etish lozim. Nomidan ma'lumki, undan xali ishlab chiqarishda bo‘lgan, lekin dastlabki versiya sifatida yuklab olish mumkin bo‘lgan ilova va o‘yinlar o‘rin olgan.

Agar siz bu bo‘limdan birorta dasturni yuklab olsangiz, u holda uning ikonasi "Mening ilovalarim va o‘yinlar" ekranida paydo bo‘ladi. Bu yerda shu kabi elementlar uchun "Beta-versiyalar" deb nomlangan maxsus bo‘lim mavjud. 

Xo‘sh, agar beta sizga yoqmasa va siz barqaror yangilanish kanaliga qaytishga qaror qilsangiz, qanday yo‘l tutish mumkin?

Buning yo‘li juda oson. Ushbu dasturning Google Play'dagi kartochkasini oching va eng quyi qismiga tushing. Bu yerda siz test sinovi ishtirokchisi ekanligingiz haqidagi xabarni hamda bundan voz kechish mumkin bo‘lgan tugmani ko‘rasiz.  

Google Play'da beta-sinovlar uchun funksiyalarning yaratilishi hammaga ham qiziq emas, albatta, bu qiziquvchan va sabrsiz insonlar uchun ayni muddaodir. Siz ham shunday insonlar qatoriga kirasizmi? Unda bu aynan siz uchun!
 

Mavzuga oid
Top