16:27 / 02.07.2016
10181

OAV: Erdo‘g‘an Bemerman she'rini butunlay taqiqlash niyatida

Turkiya prezidenti Rejyep Tayip Erdo‘g‘an, nemis satirigi Yan Bemerman, Germaniya televideniyesi orqali o‘qigan she'ridan ko‘chirma keltirishni yoki uni yodga olishni to‘liq taqiqlash niyatida, deb yozmoqda Der Spiegel gazetasi.

GFRda Erdo‘g‘an manfaatlarini himoya qiluvchi advokat Mixael-Xubertus fon Shprenger, Hamburg sudiga shu mazmundagi arizani topshirgan. 

Shu yilning may oyida, Hamburg sudi Bemermanga, mojaroli hajviy she'rining ayrim qismlarini o‘qishni taqiqlagan edi. O‘shanda, garchi sud mahkamasi, gap hajviya haqida borayotganini ta'kidlagan bo‘lsa-da, uning ayrim misralari arzchining obro‘si va g‘ururini poymol qilishini tan olgandi. 

Ayni vaqtda, Mayntsda Bemerman ustidan berilgan boshqa bir ariza ko‘rib chiqilmoqda. U, Bemermanni xorijiy davlat rahbarini haqorat qilganlikda ayblamoqda. 

Hajvchi 31 mart kuni Neo Magazin Royale ko‘rsatuvi chog‘ida Turkiya yetakchisi sha'niga nisbatan xaqoratli mazmunda she'r o‘qigan edi. Shundan so‘ng, GFR TIV Anqaraning norozilik notasini qabul qildi. Unda, boshlovchiga nisbatan huquqiy choralar ko‘rish so‘ralgan edi. 

15 aprel kuni Germaniya kansleri Angela Merkel, Turkiya talabini qondirib, hajvchi ustidan sud jarayoni boshlanishiga to‘sqinlik qilmaganini ma'lum qilgan edi. 

Mavzuga oid
Top