15:08 / 05.07.2016
13644

Pekindagi Gugun majmuasi

Xitoy poytaxti Pekin markazida o‘rta asr yodgorliklaridan biri Gugun - imperator saroyi shahar husniga ko‘rk bag‘ishlab turibdi. Tyananmen maydonining shimolida joylashgan Saroy to‘rt tomonidan bahaybat devorlar bilan o‘rab olingan. Dushmandan himoya qilish maqsadida saroyining atrofiga maxsus ariq qazilgan. Qurilishi 1420 yilda boshlangan mazkur saroyda salkam 500 yil maboynida Xitoyning Min va Tsin sulolalarining 24 nafar imperatori yashab, mamlakat ustidan hukmronlik qilgan. Bugungi kunda YuNeSKOning Jahon Madaniy Merosi ro‘yxatiga kiritilgan - qadimda “Taqiqlangan shahar” deb atalgan Gugun saroyi Min sulolasining ikkinchi imperatori Chju Di tomonidan hukmronligining to‘rtinchi yilida qurila boshlanib, 14 yildan keyin foydalanishga topshirilgan. Saroyda minglab xonalar mavjud bo‘lib, ma'lumotlarga ko‘ra 9 ming 999 yarimta xona bor ekan. Chunki Xitoy afsonalariga ko‘ra Osmon hukmdori 10 mingta xonaga ega bo‘lishishi shart ekan. O‘zini “Osmon o‘g‘li” deb atagan imperatoralar esa 10 mingta xonaga ega bo‘lgan inshoat qurishga haqqi yo‘q ekan. Shu sababli ham bitta xona bitkazilmay chalaligicha qolib ketgan. Saroy qurilishiga sarflangan mablag‘lar haqida aniq ma'lumotlar saqlab qolinmagan, biroq qurilish ishiga yuz minglab ustalar, millionlab quruvchilar jalb qilingani borasidagi yozma manbalar bor. Qurilish ashyolari mamlakatning barcha burchaklaridan olib kelingan. Hatto poytaxtdan ming kilometr uzoqlikda joylashgan Guandun va Yunnan viloyatlaridan ham qurilish ashyolari olib kelingan.

Qadimiy xitoyliklar xalq urf-odatlari va madaniyatining asosini tashkil qilgan “usin” nazariyasi (ya'ni beshta ashyoni: metal, yog‘och, suv, olov va tuproq)ni juda ham Hhurmat qilishgan. Bu nazariyaga ko‘ra, janub hayotga kuch bag‘ishlovchi olov hukmronligiga taalluqli ekan. Shu sababli shaharning janubiy qismida hukmronlik ramzi sifatida ma'muriy qala barpo etilgan. Suv esa shimolga taalluqli bo‘lib, shaharning shimoliy qismida hukmdorlar oilasining istiqomat qilishi  uchun qala qurilgan. Tuproq sariq rangda bo‘lgani sabab bu rang mamlakat ramzi sifatida qabul qilingan bo‘lib, Gugun shahrining barcha tomlari sariq rangga bo‘yalgan. Ustunlarning hammasi olov rangi- qizil bo‘lib, sariq va qizil ranglar umumiy farovonlikni aks ettirar ekan.

Muhtasham “Taqiqlangan shahar” ikki qismdan-tashqi bino va ichki qarorgohlardan iborat. Saroy darvozalari tashqarisida Tayxedyan, Chjunxedyan, Baoxedyan kabi qasrlar bo‘lib, ularda asosan muhim davlat va saroy tadbirlari o‘tkazilgan. Saroyning shimoliy qismida Tsyantsingun, Tszyaotaydyan hamda Kunningun qasrlari bo‘lib, bu yerda Min sulolasi davrida oilaviy tadbirlar o‘tkazilardi. Eng hashamatlisi Tayxedyan qasri bo‘lib, bu kabi hashamatli bino mamlakatda bo‘lmagan. To‘g‘ri bu qasrdan kamdan kam hollarda, ya'ni imperator taxtga o‘tirganida, uning tug‘ilgan kunida, yozgi va qishki teng kunlikda, malika va shahzodalarning nikoh to‘ylaridagina foydalanilgan. Tarixda ilk bor imperiya ag‘darilishi ham ayni Tayxedyan qasrida e'lon qilingan. Eslatib o‘tamiz, Xitoyning so‘nggi imperatori Pu I 1912 yilda taxtdan voz kechgan bo‘lishiga qaramay, “Taqiqlangan shahar”ni 1925 yilda tark etgan.

Yillar davomida Gugun saroyi yong‘inlar tufayli bir necha bor vayron bo‘lishiga qaramay, ko‘p o‘tmay asl holicha tiklangan. Pekindagi Imperator saroyining to‘liq nomi avvaliga “Tszitszinchen”-ya'ni, “Hashamatli taqiqlangan shahar” deb atalgan. Keyinchalik “Gugun”, ya'ni “Sobiq hukmdorlar saroyi” deyilgan. Bugungi kunda Gugun nomi bilan mashhur. Xitoy boy madaniyatining ramzi bo‘lmish Gugun so‘z bilan ta'riflab bo‘lmaydigan durdona ekanligi Xitoy va jahon me'morlari tomonidan tan olingan.

Bugungi kunda saroyda 9 mingdan ortiq katta va kichik inshoat bor. Shu sababli ham Gugun saroyi nafaqat o‘rta asrning noyob me'moriy yodgorligi, balki shu kunga qadar juda yaxshi saqlangan jahondagi eng yirik saroylar majmuasi sanaladi. Ayni damda 720 ming kvadrat metrni tashkil qilgan Gugun - “Taqiqlangan shahar” milliondan ortiq madaniyat yodgorliklarini saqlamoqda. Bu kabi majmua jahonning biror bir mamlakatida uchramaydi. Me'moriy majmualar va qadimiy yodgorliklar Gugunning noyob madaniyati ramzi sanaladi. Har kuni “Taqiqlangan shahar”ga o‘n minglab sayyoh, bir yilda esa 10 million kishi tashrif buyuradi. Shaxsiy ehtiyojlari uchun mazkur shaharni barpo qilgan imperatorlar yillar o‘tib, mazkur obida bu qadar ko‘p odamlarni o‘ziga tortishini xayollariga keltirmagan bo‘lishsa, ne ajab. Chunki yillar davomida bu yerda faqat imperator va uning oilasi istiqomat qilgan. Shu sababli ham “Taqiqlangan shahar” deb ataladi.

Mutaxassislarning fikricha, o‘rta asrlarda feodal hukmdorlarning siyosiy va mafkuraviy ehtiyojlari maqsadida qurilgan Gugun majmuasining faqat yarmigina bugungi kunda tashrif buyuruvchilarga ko‘rsatiladi. Shu sababli ham so‘nggi imperator Gugunni tark etganiga 80 yil bo‘lganiga qaramay bu shahar hamon “Taqiqlangan shahar”ligicha qolmoqda, degan fikrlar ham aytiladi.

Sh.To‘laganov

Top