21:04 / 07.07.2016
3392

Birmingemda chiqindilarni qayta ishlash markazida devor qulashi oqibatida 5 kishi halok bo‘ldi

7 iyulda Angliyaning Birmingem shahridagi metall chiqindilarni qayta ishlash markazi Hawkeswood Metal’da devorning qulashi oqibatida 5 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda G‘arbiy Midlends grafligi politsiyasi ma'lum qildi.   

"Biz hozircha bugun ertalab sodir bo‘lgan voqeani aniqlashtirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tergovning boshida turibmiz. Qayg‘u bilan 5 kishi hayotdan mahrum bo‘lganini ma'lum qilamiz", deb aytdi huquq-tartibot muassasalari vakili Mark Peyn.

Voqea Nechells tumanining sanoat hududida yuz bergan. O‘t o‘chirish-qutqaruv brigadalarining ma'lumotlariga ko‘ra, markaz hududidagi odamlar ustiga temir  buyumlar joylashgan beton devor qulab tushgan.

Graflik tez tibbiy yordam xizmatining ta'kidlashicha, voqea joyiga yetib kelgan shifokorlar "5 erkakning hayotini qutqarib qolish uchun hech narsa qilisha olmagan". "Yana bir erkak qulagan beton devor ostida qisman siqilib qolgan, biroq vayronalar orasidan mustaqil chiqa olgan", deb aytildi xizmatda. Erkakka oyoq sinishi tashxisi qo‘yilib, u shifoxonaga jo‘natilgan.

 

Top