12:43 / 07.07.2016
8605

OAV: Fransiya dunyoning yirik iqtisodiyotlari reytingida Britaniyani ortda qoldirdi

Fransiya Brexit qaroridan so‘ng, Buyuk Britaniya milliy valyutasining qadrsizlanishi ortidan, dunyoning eng yirik iqtisodiyotlari reytingida Birlashgan Qirollikdan o‘zib, beshinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi, deb xabar qilmoqda Reyter agentligi o‘z hisob-kitoblariga tayangan holda. 

Agentlikning qayd etishicha, dunyoning eng yirik iqtisodiyotlari reytingi, mamlakatlar milliy valyutasining hisobot davridagi o‘rtacha kursi asosida ishlab chiqiladi. Buyuk Britaniyada 23 iyun kuni bo‘lib o‘tgan referendumdan so‘ng, mamlakat fuqarolari Birlashgan qirollikning YeI tarkibidan chiqishini ma'qullagan. Bu esa, funt-sterlingning qadrsizlanishiga olib kelgan. Shunga ko‘ra, Fransiya milliy valyutasining almashuv kursiga ko‘ra, Britaniyani iqtisodiyoti hajmi bo‘yicha osongina ortda qoldirgan. 

XVJning so‘nggi ma'lumotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniyaning 2015 yilgi YaIM hajmi 1,864 trillion funt sterlingni tashkil etgan. Britaniya funti 5 iyun kungi savdolarda 1,17 yevrogacha pasaygan. 2015 yili Britaniya YaIM 2,172 trillion yevroga teng bo‘lgani e'tiborga olinsa, Birlashgan qirollik  2,182 trln yevroni tashkil etgan Fransiya YaIM hajmidan ortda qoladi. 

Buyuk Britaniya va Fransiya bundan avval ham jahonning yirik iqtisodiyotlari reytingidagi o‘rinlarini bir necha bor almashgan. Xususan, 1997 yili bu borada Fransiyani ortda qoldirgan Britaniya 2008 yilgi moliyaviy inqirozda unga o‘rnini bo‘shatib bergan edi. Ammo, 2014 yilda yana beshinchi o‘ringa ko‘tarilib olgandi. 

Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yilda dunyoning eng yirik iqtisodiyotlari ro‘yxatida AQSh birinchi, Xitoy ikkinchi, Yaponiya uchinchi va Germaniya to‘rtinchi o‘rinni egallagan edi. 
 

Top