16:27 / 08.07.2016
12970

Nishon – politsiya xodimi: Dallasdagi voqealar

AQShning Dallas shahrida (Texas shtati) bo‘lgan tartibsizliklarda besh nafar politsiya xodimi o‘ldirildi. Ularga qarata o‘t ochgan uch nafar jinoyatchi qo‘lga olindi, yana biri, dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, o‘z-o‘zini o‘ldirgan.

Tartibsizliklarga sabab ikki nafar afroamerikalikning o‘ldirilishi bo‘ldi. Avval 5 iyul kuni Luiziana shtatining Baton-Ruj shahrida ikki nafar politsiya xodimi bir erkakni yerga yiqitishadi, so‘ngra ulardan biri uni otib tashlaydi. Ertasi kuni esa Minnesota shtatining Folkon-Xayts shahrida ham noma'lum voqealar bo‘lib o‘tadi.

Shundan so‘ng AQShning ko‘plab shaharlarida norozilik aksiyalari boshlanib ketdi. Dallasdagi miting esa fojia bilan yakunlandi.

O‘zi nimalar bo‘ldi?

Mahalliy politsiyaning aytishicha, noma'lum kimsalar politsiya xodimlariga qarata o‘q uzgan. Natijada besh nafar odam o‘lgan, 12 nafari yaralangan.

Mahalliy politsiya shefi Devid Braunning ma'lum qilishicha, otishma miltiqlardan amalga oshirilgan.

Dallasdagi otishmalar mamlakatning boshqa shaharlarida ham aks-sado berdi. Ko‘pchilik ommaviy axborot vositalari voqea joyidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reportaj olib borishdi.

Uch kishi qo‘lga olindi, biri esa o‘z joniga qasd qildi


Avvaliga hujumda ikki kishi qatnashdi, deb xabar berishdi. Ulardan biri qisqa otishmadan so‘ng, maxsus askarlar tomonidan darrov qo‘lga olingan. Shundan so‘ng uning yonidan shubhali buyum topishgan va sapyorlarga murojaat etishgan.

Ikkinchisi esa voqea joyidan yashirinishga muvaffaq bo‘lgan va politsiya xodimlari uni topishda odamlardan yordam so‘ragan. Twitter’da e'lon qilingan uning suratidan ko‘rinib turibdiki, u afroamerikalik bo‘lib, qo‘lida miltiq ushlab olgan.


Ammo mahalliy aholining yordamiga ehtiyoj qolmadi. Oradan birmuncha vaqt o‘tib, uning o‘zi politsiya uchastkasiga kelgan va hukumatga taslim bo‘lgan.

Dallas xalqi nafas rostlab ulgurmasidanoq, politsiya jinoyatchilarning to‘rt nafar bo‘lganligini ma'lum qildi. Shahar yana oyoqqa turdi. 

Uchinchi gumonlanuvchi ham qarshilik ko‘rsatdi, ammo maxsus askarlar tomonidan qo‘lga olindi. U tiriklayin ushlandi.

El Centro kollejida o‘rab olingan to‘rtinchi jinoyatchi esa o‘z joniga qasd etdi.

Politsiya xodimlari jonlarini fido etishdi

Voqealar sabab to‘rt nafar politsiya ofitseri va Dallas transport boshqarmasi xodimi halok bo‘ldi. 12 nafar jarohatlanganlardan faqat bir nafari oddiy fuqaro hisoblanadi.

Mahalliy xavfsizlik kuchlarining ma'lum qilishicha, jinoyatchilarning nishoni aynan politsiya xodimlari bo‘lgan.

 

Sarvar Anvar o‘g‘li tayyorladi

 

Foto:© AFP 

Top