11:34 / 10.07.2016
12461

Blerning sobiq o‘rinbosari: Iroqdagi urush noqonuniy edi

Iroqda 2003 yili boshlangan urush noqonuniy bo‘lgan. Bu fikr Sunday Mirror kundalik gazetasida chop etilgan, britaniyalik siyosatchi Jon Preskott muallifligidagi maqolada aytib o‘tilgan. U o‘z vaqtida leyboristlar partiyasidan hukumatni boshqargan Toni Blerning o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatgandi.

"2004 yilda BMT bosh kotibi Kofi Annan aytgandiki, hukumat rahbarini almashtirish maqsadida olib borilgan Iroq urushi qonuniy emas. Afsus va nadomatlar bilan men ham ta'kidlaymanki, u haq edi", - deya tan olgan Preskott.

Uning fikricha, britaniyalik harbiylarning Iroqqa kiritilishi bo‘yicha qarori birdaniga qabul qilingan.

"Bosh prokuror lord Piter Goldsmit vazirlar mahkamasi yig‘ilishiga keldi va urushga kirish noqonuniy ekani, lekin bunga hujjat bilan isbot keltira olmasligini aytdi", - deya eslaydi Preskott.

U shuningdek, leyboristlar yetakchisi Jyeremi Korbin Iroq urushi uchun o‘z partiyadoshlari nomidan uzr so‘rash qarorini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

6 iyul kuni Birlashgan qirollikda Britaniyaning Iroqqa hujumdagi ishtiroki haqidagi ma'ruza chop etildi. Tergov komissiyasi raisi Jon Chilkot tomonidan olib borilgan tekshiruvlar natijasida aniqlanishicha, Buyuk Britaniya bu urushga hali vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish imkoni mavjud bo‘lgan vaqtda kirgan.

NATOning Iroqdagi harbiy kampaniyasidagi ishtiroki doirasida Buyuk Britaniya 2003—2009 yillarda 179 nafar askar va ofitserlarini yo‘qotgan. 

Top