14:57 / 11.07.2016
5946

UYeFA Yevropa chempionati qatnashchilariga 301 million yevroni taqsimlab berdi

Yevropa chempionati yakunlanganidan keyin UYeFA musobaqa qatnashchilariga turnir sovrin jamg‘armasi bo‘lgan 301 million yevroni taqsimlab berdi.

Belgilangan tartib bo‘yicha musobaqada qatnashgan barcha 24 jamoa 8 million yevrodan qo‘lga kiritdi. Guruhdagi g‘alaba uchun 1 million yevro, durang uchun 500 ming yevro olishlari kerak edi. Mos ravishda 1/8 final yo‘llanmasi uchun 1,5 million yevro, 1/4 final yo‘llanmasi uchun 2,5 million yevro berilishi ko‘zga tutilgandi. Yarim finalga yo‘l olgan to‘rtta jamoaga qo‘shimcha 4 million yevro.

Shunday qilib musobaqada g‘olib chiqqan Portugaliya terma jamoasi mamlakat futbol federatsiyasi g‘aznasiga 25,5 million yevro ishlab berdi. Fransiya esa 23,5 million yevro oldi.

Bu galgi Yevropa chempionati sovrin jamg‘armasi 301 million yevroni tashkil qildi. Taqqoslash uchun 2012 yilgi chempionat sovrin jamg‘armasi 196 million yevroni, 2008 yilgi musobaqa jamg‘armasi esa 184 million yevroni tashkil qilgandi.

Mukofot oluvchilar ro‘yxati quyidagicha:
Portugaliya - 25,5 mln, 
Fransiya – 23,5 mln, 
Germaniya – 18,5 mln, 
Uels – 18 mln, 
Polsha – 14,5 mln, 
Belgiya, Islandiya, Italiya – 14 mln, 
Xorvatiya – 12 mln, 
Vengriya, Angliya, Ispaniya, Shveytsariya – 11,5 mln, 
Slovakiya va Irlandiya – 11 mln, 
Shimoliy Irlandiya – 10,5 mln. 
Turkiya va Albaniya – 9 mln,
Rossiya, Ruminiya, Shvetsiya, Chexiya va Avstriya 8,5 mln,
Ukraina – 8 mln yevro mukofot oladi.

Manba: Tribuna.uz

Top