23:15 / 11.07.2016
21192

O‘zbekistondagi masjidlardan biridagi videokuzatuv kamerasini o‘g‘irlashdi

Facebook ijtimoiy tarmog‘ining “Voditeli Tashkenta” guruhida O‘zbekistondagi masjidlardan birining tahoratxonasidan kuzatuv kamerasi o‘g‘irlab ketilgani aks etgan videoxabar paydo bo‘ldi. Ma'lumotlarga ko‘ra, hodisa 1 iyul kuni yuz bergan.

Videorolikda aks etgan masjid tahoratxonasidan bu voqea Toshkent shahrida joylashgan “Xo‘ja Ahrori Valiy” jome masjidida yuz berganligi aniq. Videoda bir yigit tahoratxonaga kirib kelgani, so‘ngra kamerani qayirib, uni sug‘irib olishga urinayotganligiga guvoh bo‘lish mumkin.

Voqeaga nisbatan guruh a'zolari tomonidan turlicha izoh qoldirilgan. Ayrimlar, “Bir yaxshi oilaning farzandiga o‘xshaysan, lekin qilgan ishing nafaqat senga, balki ota-onangga ham isnod. Aqlu hushingni yig‘ib, olgan narsangni masjidga olib borib ber va kechirim so‘ra”, degan bo‘lsa, boshqalar “O‘tgan yili odamlar tahorat olayotganda bir kishi ularning cho‘ntagidagi narsalarni yig‘ishtirib ketayotgani tasvirlangan video tarqalgan edi. Tanishimning telefonini ham shunday qilib o‘g‘irlab ketishgan”, — deb yozadi.

Videorolikda o‘g‘irlik sodir etgan shaxsning yuzi aks etgan, ammo izohlarda uning shaxsini tasdiqlovchi fikrlar uchramaydi.

Top