19:32 / 12.07.2016
8905

O‘rta maxsus islom bilim yurtlarida qabul imtihonlari boshlandi

12 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi o‘rta maxsus islom bilim yurtlarida 2016-2017 o‘quv yili uchun qabul imtihonlari boshlandi. Bu haqda muslim.uz xabar tarqatgan.

Imtihonlar tasdiqlangan nizomga ko‘ra, “Ona tili” fanidan diktant, “Ma'naviyat va ma'rifat”, “Chet tili”, “Tarix” fanlaridan test sinov shaklida bo‘lib o‘tdi. 

Qabul imtihonlarini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida, barcha diniy ta'lim muassasalarida malakali o‘qituvchilar hamda tibbiyot xodimlari jalb qilingan. Abituriyentlar guruhlarga ajratilib, imtihon o‘tkaziladigan xonalarda zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Ota-onalarining dam olishlari uchun ham salqin ichimliklar, toza va shinam joylar tashkil etilgan. 

Qabul imtihonlari oldidan abituriyentlar va ularning ota-onalari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda imtihon o‘tkazish tartibi haqida tushunchalar berildi. Maxsus qoplarda muhrlangan imtihon savollari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tayinlangan vakillar hamda abituriyentlar va ularning ota-onalari tomonidan chiqqan vakillar guvohligida ochildi. 

Yig‘ilishda ota-onalar so‘zga chiqib, yoshlarimiz diniy va dunyoviy ta'lim olishlari uchun, bugungi kunda, hukumatimiz tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratilganligi, bularning barchasi jonajon Vatanimizning mustaqilligi, tinch va osoyishtaligi sharofati hamda “Vijdon erkinligi to‘g‘risidagi qonun”ning amaldagi ifodasi ekanligini g‘urur va iftixor bilan ta'kidladilar. 

Yig‘ilish yakunida barcha abituriyentlarga omad va zafarlar tilab, guruhlar o‘zlari uchun ajratilgan xonalarga joylashtirildi hamda kirish imtihonlari boshlandi. 

Eslatib o‘tamiz, mazkur imtihon natijalari 15 iyul kuni e'lon qilinadi. Imtihondan ketma-ketlikda eng yuqori ball to‘plagan 24  abituriyent o‘rta maxsus islom bilim yurtlariga o‘qishga qabul qilinadi.

Top