07:29 / 13.07.2016
11573

Isroillik jurnalist aeroport farroshi ko‘rinishida bir necha samolyotlarga soxta bombalar olib o‘tdi

Google image

Isroilda jurnalist 2015 yilda Sinay yarimoroli ustida Rossiyaning Airbus A321 samolyotini portlatgan terrorchilarning harakatlarini takrorlab, samolyot bortiga portlovchi qurilmaning mulyajini (soxta nusxasini) olib o‘tdi. Bu haqda Channel 2 TV report Sunday’ga iqtibos keltirgan holda The Times of Israel nashri xabar bermoqda. 

Isroillik jurnalist David Sulaymon terrorchilarning rejasini qaytara oldi.

U buning uchun qalbaki hujjatlar bilan Tel-Aviv aeroportiga farrosh bo‘lib ishga kirdi va shu tariqa barcha, jumladan yopiq hududlardagi xonalarga kirishga ruxsat oldi.

Jurnalistning aytishicha, u ikki kun davomida 12 ta samolyotda bo‘la olgan va aeroport hududida unga yo‘riqnomada ruxsat berilgandan ham erkinroq harakatlanishga muvaffaq bo‘lgan.

Sulaymonning aytishicha, u istalgan samolyotning bortiga kira olgan va hattoki yuk ortuvchi xodimlarga yordam bergan. Jurnalist shu tariqa xavfsizlik xizmatida shubha uyg‘otmoqchi bo‘lgan, biroq uning bu harakatlari e'tiborsiz qolgan. 

Jurnalist bir nechta samolyotga gazli ichimlik bankalarini olib o‘tganini videoga olgan. Rossiya samolyotida portlagan portlovchi qurilma aynan shunday idish ko‘rinishida bortga olib o‘tilgandi.

Aeroport xavfsizlik xizmati jurnalistni ikki kundan keyin fosh qila olgan. Aeroport ma'muriyatida bunday holatlar boshqa qaytarilmasligi uchun barcha sa'y-harakatlar ko‘rila boshlangani ma'lum qilindi. Sulaymon ustidan politsiyaga ariza yozildi.

Rossiyaning "Kogaliymavia" aviakompaniyasining Misrdan Sankt-Peterburgga uchayotgan Airbus A321 samolyoti Sinay yarimoroli ustida 2015 yil 31 oktabrda portlagan. Samolyot bortida 217 yo‘lovchi va ekipajning 7 nafar a'zosi bo‘lgan. Ularning barchasi halok bo‘lgan. Terakt uchun javobgarlikni IShID jangarilari o‘z zimmasiga olgan.

2016 yil 16 iyunda AQSh razvedkasi teraktni Misrning IShID bilan bog‘liq "Ansor Bayt al-Maqdis" terrorchilik guruhi amalga oshirganini ma'lum qilgan.

Top