07:08 / 15.07.2016
18030

Fransiyaning Nitstsa shahrida uyushtirilgan hujum oqibatida kamida 80 kishi halok bo‘ldi

Fransiyaning Nitstsa shahrida Bastiliyaning olinishi kuni sharafiga uyushtirilgan salyutdan keyin yuk mashinasi ko‘chadagi odamlarni bosib keta boshlagan, so‘ngra undagi odamlar otishma sodir etgan. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu hujum oqibatida halok bo‘lganlar soni kamida 80 kishini, jarohatlanganlar esa 120 dan ko‘proqni tashkil qilmoqda. Bu haqda BFM TV telekanali xabar berdi. 

Le Figaro nashriga ko‘ra, 16 kishining ahvoli o‘ta og‘ir, yana 31 kishiniki og‘ir, biroq barqaror deya baholanmoqda.

Voqea 14 iyul mahalliy vaqt bilan soat 22:30da shaharning bosh sayilgohi – O‘rta Yer dengizi bo‘ylab ketuvchi Ingliz sohilbo‘yisida yuz berdi. TASS axborot agentligining ma'lum qilishicha, yuk mashinasi bu yerga bayram munosabati va salyutni tomosha qilish uchun to‘plangan odamlarni zigzag tarzida yurib, 2 kilometrgacha masofada ataylab bosib ketgan, so‘ngra undagi jinoyatchilar odamlarga karata o‘q uzgan. Shundan keyin politsiya bilan otishma boshlangan. Biroq bu xabar hozircha tasdiqlanmagan.  

Yuk mashinasi haydovchisi politsiyachilar tomonidan otib o‘ldirilgan. Uning sheriklari bo‘lgan-bo‘lmagani noma'lumligicha qolmoqda.

Sohilbo‘yida sarosima boshlangan. Shahar meriyasi hujumni terakt deb atadi va odamlarni ko‘chaga chiqmaslikka chaqirdi.

France 2 telekanalining ma'lum qilishicha, jarohatlangan odamlar sohilbo‘yidagi  Negresco mehmonxonasiga olib kirilgan, bu yer o‘ziga xos shifoxonaga aylantirilgan va odamlarga zarur birinchi yordam ko‘rsatilgan.   

May oyida Fransiya ichki razvedkasi direktori Patrik Kalvar mamlakatda Yevro-2016 musobaqasi davomida teraktlar yuz berishi mumkinligidan ogohlantirgandi.

Top