19:45 / 18.07.2016
16147

“O‘limdan qo‘rqmayman”: Qirg‘iziston prezidenti o‘zining uchinchi klipini omma e'tiboriga havola qildi

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayevning navbatdagi – “O‘limdan qo‘rqmayman” qo‘shig‘iga olingan klipi internet tarmog‘ida paydo bo‘ldi. Bu haqida knews portali ma'lum qildi. 

Manbaga ko‘ra, mazkur kompozitsiya Sergey Orlov so‘ziga yozilgan bo‘lib, u Ikkinchi jahon urushi askarlariga bag‘ishlangan. “Qo‘shiqning so‘zlarini xotiramda qolgani bo‘yicha ijro etdim, shu bois undagi so‘zlar o‘zgargan bo‘lishi mumkin. Internet tarmog‘ida bu she'r yo‘q ekan”, - deya izoh berdi Atambayev. 

Yangi qo‘shiqqa videoklip sifatida Grigoriy Chuxrayning “Ballada o soldate” (“Askar haqidagi ballada”) filmi kadrlari olingan.

Iyul oyida Atambayevning ikkita klipi namoyish etilgan edi – “Taqdirga qasdma-qasd” va “Sensiz yashay olmayman”.

Prezident devonining axborot siyosati bo‘limi ma'lum qilishicha, Qirg‘iziston  rahbari avgust oyida mehnat ta'tiliga chiqqanida qirg‘iz tilida beshta qo‘shiqni yozishni rejalashtirmoqda. 

Qirg‘iziston prezidenti o‘zining 60 yoshlik yubileyiga (17 sentabrda Atambayev 60 yoshga to‘ladi) 10 ta qo‘shiqdan iborat kompakt disk chiqarishga va'da bergan: unga 5 ta rus tilida va 5 ta qirg‘iz tilidagi qo‘shiq kiritilishi rejalashtirilgan. Kinorejissyor Furqat Tursunov eski kinolentalar asosida ularga videoklip yaratadi. 

Mavzuga oid
Top