12:05 / 21.07.2016
8544

Turklarda vatanparvarlik kuchayishi fonida milliy bayroqlar savdosi gullab-yashnamoqda

Turkiyadagi muvaffaqiyatsiz davlat to‘ntarishi biznesmenlarga yordam berdi. 15 iyul voqealaridan keyin iqtisodiyotning bir sohasi gurkiray boshladi.

Keyingi kunlarda turklarda vatanparvarlik tuyg‘ulari kuchayishi ortida milliy bayroqlarni ishlab chiqaruvchilar tinimsiz mehnat qilib, talabni qondirishiga to‘g‘ri kelmoqda.

Erdo‘g‘anning hukumatni qo‘llab-quvvatlashga chaqirib qilgan murojaatidan keyin xalq ko‘tarilib, bir necha soat ichida harbiylar isyoni bostirildi. Turkiya rahbari amerikaparast Fathulloh Gulenni fitna tashkilotchisi sifatida aybladi. Ayni vaqtda mamlakatni "gulenchilar"dan tozalash ishlari o‘tkazilmoqda.

"Isyon bostirilganidan buyon 1,5 millionta bayroq sotildi. Keyingi kunlarda yana 5 millionta bayroq sotishimiz mumkin", degan bayroq ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Gozde Bayrak firmasi rahbari O‘rkun Alter.

"O‘qituvchilar, temirchilar, savdogarlar - bugun barcha milliy bayroqlari sotib olishni istamoqda. Uyda hatto o‘zimiz uchun ham bayroq qolmadi", degan u.

Uning aytishicha, aholisi 80 million kishi bo‘lgan Turkiya bo‘ylab keyingi kunlarda 10 millionta bayroq sotilishi kutilmoqda. U bu orqali 2002 yilda Turkiya terma jamoasi JCh ishtirokchisi bo‘lib, turnir yarim finaliga borganidagi ko‘rsatkich takrorlanishini aytgan.

Qayd etish kerakki, tinchlik vaqtlarida ham Turkiya bayrog‘iga talab katta bo‘lgan. Milliy bayroqqa zarar yetkazish va unga hurmatsizlik qilish jinoyatga tenglashtirilgan.

"Bizda omborxonada behisob bayroq bor edi, hammasi tezda sotilib ketdi. Biz yangilarini tikmoqdamiz... Talab juda katta", degan Bursa shahridagi boshqa bir shunday firma (Karanfil Bayrak) egasi Salohiddin Afsar.

Davlat to‘ntarishiga urinishdan keyin milliy bayroqlarni barcha binolarga osilgan holda va avtomobillarda hilpirayotgan alfozda ko‘rish bo‘lmoqda.

Bayroqning bir donasi bahosi - 3 lira (1 dollar).

"Biz ishlab chiqarishni ko‘paytirdik, lekin talabga yarasha mahsulotlar tayyorlashga vaqt kerak. Barcha fabrikalarimiz shu ish bilan band. Turkiyada har bir kishi bayroq sotib olishni istamoqda", degan Aybayrak kompaniyasi rahbari Izzat Adar.

Top