12:46 / 22.07.2016
14819

Chilida 70ta kitning o‘limi sabablari o‘rganilmoqda

Foto: Dailynews

Chili hukumati mamlakat janubidagi kitlarning ommaviy o‘limi qayd etilgan yangi holatni o‘rganib chiqmoqda. Cooperativa radiostansiyasining xabariga ko‘ra, Kleman oroli qirg‘og‘ida kamida 70ta o‘lik mavjudot topilgan

Yaqin kunlarda kitlarning jasadi topilgan joyga ekspeditsiya yo‘l oladi, uning a'zolari tahlil uchun namunalar olishi hamda halok bo‘lgan dengiz mavjudotlarining sonini aniqlashi kerak bo‘ladi. Chili baliqchilik milliy xizmati xodimlarining fikricha, sut emizuvchilarning o‘limiga mikroskopik suv o‘tlaridan ajralib chiqadigan toksinlar sabab bo‘lishi mumkin. Ularning tezkor ko‘payishi "qizil to‘lqin" nomini olgan. Bunday holatda  suvdagi toksinlar konsentratsiyasi dengiz mavjudotlarining halokatiga sabab bo‘ladi. 

Bu Chilida  dengiz mavjudotlarining so‘nggi paytda ro‘y berayotgan birinchi ommaviy halokati emas. O‘tgan yilning noyabrida Tinch okeanining Penyas ko‘rfazi sohillarida 300dan ortiq kitning jasadi topilgan. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, jonivorlar "qizil to‘lqin"ning qurboni bo‘lishgan.  

Joriy yilning may oyida Chilining ikkita mintaqasi - Los-Rios va Los-Lagos - sanitarik xavf hududi, deb e'lon qilingan. Toksinlar minglab dengiz mavjudotlarining o‘limiga olib kelgan. 

Top