17:02 / 25.07.2016
4155

Turkiya sharqida qo‘lbola bomba portlatilishi oqibatida 3 nafar politsiyachi halok bo‘ldi

Foto: © RIA Novosti

Turkiya janubi-sharqidagi Mardin viloyati hududida Kurdiston ishchilar partiyasi a'zolari tomonidan o‘rnatilgan qo‘lbola bomba portlashi tufayli 3 nafar politsiyachi halok bo‘lgan. Bu haqda harbiylar orasidagi manbasiga asoslangan holda Anadolu xabar tarqatgan.

Ma'lum qilinishicha, portlovchi qurilma Qiziltepa va Viranshehir qishloqlarini bog‘lovchi trassada harakatga keltirilgan. Bu vaqtda yo‘ldan politsiyachilarning zirhli mashinasi o‘tayotgandi. Hujum oqibatida 2 nafar politsiyachi voqea joyida halok bo‘lgan, yana biri shifoxonaga olib borilgach, jon bergan.

Ayni vaqtda mintaqada kurd jangarilariga qarshi harbiy amaliyot o‘tkazilishi davom etmoqda.

2015 yilning iyulida Turkiyada kurdlar partiyasi bilan nizo yangilanganidan keyin o‘zaro to‘qnashuvlar tufayli 600 nafardan ortiq harbiy va politsiyachilar halok bo‘ldi. Turkiya bosh shtabi o‘tgan vaqt ichida kurdlarning 5 mingdan ortiq jangarisi yo‘q qilingani haqida bildirgan. Kurdlarning Xalq demokratik partiyasi yetakchisi bergan ma'lumotga ko‘ra esa, halok bo‘lganlarning aksari tinch aholi vakillari edi.

Top