23:44 / 25.07.2016
4056

Xbox One o‘yin pristavkasi 249 dollargacha arzonlashtirildi

Microsoft kompaniyasi navbatdagi marotaba Xbox One o‘yin pristavkasini arzonlashtirdi. Tvitterda Xbox Live’ni rivojlantirish direktori Larri Grib ma'lum qilganidek, pristavkaning AQShda 500 Gb li modelini 249 dollargacha sotib olish mumkin. Aktsiya "chegaralangan muddat" davomida o‘tkazilmoqda.  

Pristavka birinchi marotaba 2013 yilda chiqarilganda 500 Gb disk va Kinect kontrollyoriga ega varianti 499 dollar turgan. 2014 yil iyunda qurilma 399 dollargacha arzonlashtirilgan. 2016 yil may oyidan boshlab qurilma 299 dollardan 279 dollargacha, endi esa 249 dollargacha arzonlashtirildi.

Ko‘rinishicha, kompaniya qurilmaning ombordagi zaxiralarini tezda sotib yubormoqchi, chunki 2 avgustdan qurilmaning S harfiga (Slim – ingichka) ega kuchliroq yangi modeli chiqadi. Xbox One S o‘zidan avvalgi modeldan 40 foizga ixchamroq bo‘ladi va shu bilan birga kontentni juda yuqori – 4K ko‘rsatish qobiliyatida chiqara oladi. Bundan tashqari, yangi model ergonomikroq geympad bilan jihozlanadi.

Xbox One S AQShda 2 avgustdan sotuvga chiqariladi. Qurilmaning 500 Gb xotiraga ega versiyasi 299 dollardan, 1 terabayt xotiraga ega versiyasi esa 349 dollardan sotiladi. Qurilmaning 2 Tb xotiraga ega eng katta hajmli variantini esa 399 dollarga xarid qilish mumkin bo‘ladi.

Top