18:35 / 26.07.2016
7198

Andijon viloyatida asosiy kapitalga investitsiyalar kiritish hajmi 41,3 foiz oshdi

Foto: O‘zA

Andijon viloyatida joriy yilning birinchi yarmida investitsiya dasturi doirasida 58 ijtimoiy soha obekti va suv tarmoqlari foydalanishga topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Viloyat korxonalari tomonidan 83 million dollar miqdoridagi tovarlar eksport qilindi. Import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi ortib, 44 yangi korxona eksport qiluvchi korxonalar safiga qo‘shildi. Ular tomonidan 67 million dollardan ziyod miqdordagi tovar va xizmatlar, jumladan, to‘qqiz turdagi yangi mahsulotlar eksport qilindi.

Hisobot davrida viloyat iqtisodiyotining barcha sohalarida o‘sish ta'minlandi, sanoat mahsulotlari 37,3 foiz, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish 7, qurilish ishlari 20,3, chakana savdo aylanmasi 14,8, xizmatlar 16,7, asosiy kapitalga investitsiyalar kiritish hajmi 41,3 foiz oshdi.

Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga asosan, hisobot davrida 150,3 milliard so‘mlik investitsiya hisobidan 1 ming 283 yangi loyiha amalga oshirildi. Birgina sanoat sohasida 244 yangi ishlab chiqarish quvvati foydalanishga topshirildi.Yangi loyihalarning amalga oshirilishi natijasida 12 ming 700 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

Yil boshidan 1 ming 94 kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yekti tashkil etildi. Ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 594 milliard so‘mdan ziyod kredit mablag‘lari ajratildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar ko‘pdir. 131 tadbirkorlik sub'yektiga tender savdolari orqali 3,4 gektar yer maydonlari ajratib berildi. 

Joriy yilda viloyatning 27 qishloq massivlarida namunaviy loyihalar asosida qurilishi rejalashtirilgan 1 ming 139 uy-joylardan 315 tasi foydalanishga topshirildi.

Top