17:34 / 26.07.2016
5658

Oddiy yaproqdagi Vatan aksi

Andijonlik qo‘li yengil vrach Soyibjon aka bilan yaqinligimiz bor. U bilan ko‘p suhbatlashib turamiz. Men bu insonni atrofdagi oddiy voqealarga nisbatan sinchkov nigoh bilan qarab,  chuqur fikr yuritishdek ajoyib xususiyatiga hayron qolaman. Aka o‘zi bilan bo‘lib o‘tgan bir voqeani gapirib bergandi.

- Uzoq yillar oldin mutaxassisligim bo‘yicha Sankt-Peterburg shahriga simpoziumga bordim. Kuz oyi edi. Xizmat safarimiz tugab qolgan kunlarning birida, Pyotr qurdirgan shaharni kezib, do‘stlar bilan shoirlar mushoirasi bo‘layotgan joyga borib qolibmiz.

Juda ko‘p she'r ahli yig‘ilgan joyda, adashmasam “Aleksandr bog‘i” bo‘lsa kerak, kuz mavsumining yopilishiga bag‘ishlangan qandaydir tadbir bo‘layotgan ekan. Qalam ahli yig‘ilganlarga rus mumtoz adabiyoti namunalaridan o‘qib berishdi. Tadbir tugagandan so‘ng parkga kelgan barcha atrofdagi daraxt barglaridan tayyorlangan gerbariylarni sotib ola boshladilar. Haqiqatda tabiat atrofdagi daraxt barglaridan o‘z muruvvatini ayamagan, turli ranglarga kirgan kaftdek va undan kattaroq yaproqlar ko‘zimga juda go‘zal ko‘rindi. Menga ham ijodiy muhit ta'sir qilib, yonimdagilar kabi tabiat mo‘'jizasiga bo‘lgan talpinishim tufayli barglar to‘plamidan bir juft sotib oldim.

Ertasiga samolyotda vatan tomon uchdik. Texnika taraqqiyoti baribir yaxshida. Tezkorlik sabab, bir kundan so‘ng soat to‘rtlar chamasi o‘z uyimda g‘arq pishgan uzumlar tagidagi so‘rida o‘tirardim.

Atrofga nazar tashlay turib, ko‘zim hovlimiz o‘rtasidagi shaftoli daraxtining yaproqlariga tushdi. Kuz faslida mana shu daraxtning bugun-erta yerga bag‘rini beradigan barglariga hech e'tibor berganmisiz?.. To‘g‘risi, men ham ilgarilari hech diqqat bilan razm solmagan ekanman… Botayotgan quyosh shu'lalari bog‘imdagi shaftoli barglarida kamalak misol ajib ranglarni aks ettirardi. Bitta bargni uzib, uzoq tomosha qildim. Musavvir tabiat go‘yoki turfa ranglarini yaproqqa jo etgandek. Jomadondan olib, chet eldan olib kelgan gerbariyga qarayman. Eh-he, meni qo‘limdagi yaproq undagi barglardan ming chandon go‘zal va fusunkorroq ekan. Undagi qo‘l bilan chizib bo‘lmas, betakror chiziqlarni faqat yurtim quyoshi va tabiati qunt ila chizishi mumkin edi, xolos. O‘sha lahzada agar shoir bo‘lganimda ash'or bitib yuborishim aniq edi...

Qadrdonimdan bu voqeani eshitib, ikki-uch kun qattiq ta'sirlanib yurdim. Uzoq  tahlillarimdan so‘ng meni o‘ylantirgan bu hayratlanarli holatga javob topgandekman.

Menimcha, Soyibjon aka asli, hovlisida bo‘y cho‘zgan shaftolining oddiy yaproqlarida VATAN AKSINI his qilgan edi... Barglardagi chiziqlar qadrdonlik belgilari, ranglar jilosidan ilhomlanish esa yurtidagi oddiy, lekin, qadrdon mo‘'jizadan hayratlanish hissi edi xolos. Yaproqqa qarab vatanni his etish esa, hammaga ham emas.

Birgina, biz jonsiz deb ataydigan yaproqni qo‘ying, dunyoda kindik qoni to‘kilgan joyni, onasi ilk bor alla aytib, katta qilgan hovlisini unutib, ariqda oqizoq qilib yegan kunlarini, pag‘a-pag‘a qor yoqqanida otasining katta –katta oyoq izlariga o‘zinikini qo‘ygan makonni unutgan vatangadolar bor. Shundan saqlasin...

Siz, atrofingizdagi yaqinlaringiz, do‘stlaringiz, hovlingiz yana tanish ko‘chaga, boshingizda turgan samoga yaxshilab bir boqing-a... Yaxshilab qarang! Ko‘rdingizmi? Agar chin yurakdan qalb ko‘zi bilan boqsangiz bularni barida qadrdon VATAN AKSINI ko‘rasiz. 
Buni qarang... Ko‘rmagan ekanman! Ariq chetidagi yalpiz, anavi ishkomda qo‘nib, “quv-quv”layotgan musicha ham shunchalik go‘zal bo‘ladimi?..

Elmurod ERMATOV, Andijon.

Top