22:22 / 27.07.2016
11647

Ikkala qo‘li transplantatsiya qilingan birinchi amerikalik yangi qo‘llaridan voz kechmoqchi

Ikkala qo‘li transplantatsiya qilingan birinchi amerikalik Jyeff Kepner ayni vaqtda bu haqda juda afsuslanmoqda. U 27 iyulda chop etilgan TIME jurnaliga bergan intervyusida operatsiya muvaffaqiyatsiz bo‘lgani va uning yangi qo‘llari umuman unga bo‘ysunmayotganini aytdi.

"Men kun bo‘yi kursida o‘tirib, qilolganim faqat televizorga qarab o‘tirish bo‘lmoqda", deb aytdi Jyeff. 

Kepnerning 1999 yilda ikkala qo‘li ham sepsisga aylanib ketgan infeksiya sababli olib tashlangan. U 2009 yilda yangi qo‘llarning ko‘chirib o‘tkazilishi bo‘yicha operatsiyaga yotishdan avval protezlardan foydalangan. U protez qo‘llariga shunchalik o‘rganib ketgandiki, nafaqat o‘z ishini a'lo darajada uddalagan, balki mashina ham hayday olgan.  

Keyinroq Kepner agar transplantatsiya muvaffaqiyatsiz o‘tsa, keyinroq yangi qo‘llarini olib tashlash bo‘yicha qayta operatsiyaga rozi bo‘lishi va yana protezlarga qaytishi mumkinligiga qaror qilgan. Kepnerning ishini olib borgan shifokor Vidjyey Gorantla jurnalga "Kepner yana bir amputatsiya yuz bersa, protezlardan foydalana olishiga ishonchi komilmasligini" aytgan. Buning uchun jadal va uzoq davom etuvchi fizioterapiya talab qilinishi mumkin.

Kepnerga yangi qo‘llarini qisman olib tashlash va uning o‘rniga kamroq darajada qulay bo‘lgan protezlardan foydalanish taklif qilindi, biroq u barcha operatsiyalardan charchagani va agar nimadir yana risoladagidek ketmasa, buni qayta boshdan kechirishga tayyor emasligini aymoqda.

Kepnerga yangi qo‘l ko‘chirib o‘tkazgan shifokor Endryu Li bu hodisa noodatiy ekanligini aytmoqda.

"Boshqa uch bemorda qo‘llari funksiyalarining sezilarli qaytishi kuzatilmoqda va bu ularga to‘liq mustaqil turmush tarziga o‘tishga imkon beradi. Ular mashina hayday oladilar, ishga va maktabga boradilar", deb aytmoqda shifokor.

Kepner holatida esa uning yangi qo‘llari unga bo‘ysunmayapti va shu sababli u doimo rafiqasi parvarishida bo‘lmoqda.

Top