08:41 / 28.07.2016
9121

Savchenko AQSh harbiy kemasida hordiq chiqarganini ma'lum qildi

Foto: Kommersant'

Ukraina Oliy radasi deputati Nadejda Savchenko Odessada to‘xtagan AQSh harbiy-dengiz kuchlariga tegishli desant kemasida hordiq chiqarganini ma'lum qildi. Savchenkoning aytishicha, u kemada bir kun bo‘lgan. 

Savchenkoning ta'kidlashicha, u "bir haftaga biror o‘rmonga ketib qolishni" rejalashtirgan, biroq Odessaga borishga qaror qilgan. "U yerda Sea Breeze 2016 harbiy mashg‘ulotlari o‘tmoqda. Men sizga qayerda dam olganimni aytaman. Men amerika desant kemasida dam oldim", deb ta'kidlab o‘tdi Savchenko. Uning aytishicha, u bunday hordiqdan quvvat olgan va olg‘a borishga tayyor.

27 iyulda Savchenko Ukraina qo‘mondonligining Qora dengizda o‘tayotgan mashg‘ulotlardagi xatti-harakatlarini tanqid qilgandi. "Desantning tashlanishi generallarning kemaga 40 daqiqa kechikish bilan kelganlari sababli 40 daqiqaga ushlandi. Yana yetmagandek selfi ham qilishgan", deb aytgan sobiq harbiy uchuvchi. Uning aytishicha, bundan AQSh tomoni ham norozilik bildirgan. 

Mashg‘ulotlar 18 iyulda Qora dengizning shimoliy qismida, Rossiya harbiy-dengiz bazalari yaqinida boshlangan. Mashg‘ulotlarda 26 ta harbiy va ta'minlash kemasi, 20 ta samolyot va vertolyot hamda AQSh, Turkiya, Bolgariya, Ruminiya, Ukraina va boshqa davlatlarning 4 mingga yaqin harbiysi ishtirok etmoqda.

Top