01:01 / 03.08.2016
18734

Samsung kompaniyasi yangi Galaxy Note 7 smartfonini namoyish qildi

Google image

Samsung Unpacked 2016 maxsus tadbiridagi taqdimotda Samsung kompaniyasi vakillari ko‘z pardasi skaneriga ega yangi Galaxy Note 7 smartfonini taqdim qildilar. Taqdimot YouTube’da jonli efirda uzatildi

Umuman olganda, smartfon dizayni Galaxy Note’ning oxirgi avlodi kabi Galaxy S7 va S7 Edge smartfonlarini eslatib yuboradi. Smartfon suv va changdan himoyalangan, 2560x1440 pikselli, chetlari qayrilgan 5,7 dyuymli ekranga ega, ichidagi qismlari S7 Edge’ga to‘liq mos keladi. Galaxy Note 7 ikki modifikatsiyada – Qualcomm Snapdragon 821 yoki Samsung Exynos 8893 protsessori bilan ishlab chiqariladi. 

 Smartfonning ichki xotirasi 64 Gbdan boshlanadi, tezkor xotirasi 4 Gb ni, asosiy kameri 12 Mp ni, old kamera 5 Mp ni, akkumulyator sig‘imi 3500 mA•soatni tashkil qiladi.

Galaxy Note 7 smartfonlari Android 6.0 Marshmallow operatsion tizimi bilan birga chiqariladi, biroq kompaniyada operatsion tizimni 7.0 Nougat versiyasigacha yangilash mumkinligi aytildi.

Smartfon suvda ishlay oladigan hamda 4096 ta bosish darajasini qo‘llab-quvvatlaydigan S Pen stilusi bilan birga ishlaydi: qurilmaning yangi versiyasida uning uchi qalinligi kichraytirildi, bu ekranda aniqroq ko‘rsatish va yengilroq chizishga imkon beradi. Samsung vakillarining aytishicha, kompaniya ba'zi kompaniyalardan farqli o‘laroq, stilusni alohida sotib olish va alohida quvvatlashga majbur qilmaydi. Gap Apple‘ning iPad Pro uchun iPencil stilusi haqida ketmoqda, u alohida sotiladi va quvvatlanib turilishi kerak.

Ko‘z pardasi skaneri smartfonga o‘rnatiladigan virtual reallik shlemi Gear VR bilan birgalikda ishlatilish uchun mo‘ljallangan. Foydalanuvchi shlemni kiya turib, uni shunday joylashtiradiki, skaner ko‘z to‘g‘risida joylashadi va ko‘z pardasining skanerlanishi avtorizatsiya vaqtida xavfsizlikni oshirish uchun xizmat qiladi.

Ko‘z pardasi skaneri yordamida smartfon, ba'zi dasturlar va maxsus papkadagi kontentni blokdan chiqarish mumkin.

Galaxy Note 7’ning narxi hozircha noma'lum. Smartfon AQShda 16 avgustdan sotuvga chiqariladi, buyurtmalar esa 3 avgustdan olina boshlanadi. Rossiyada smartfon 26 avgustdan savdoda paydo bo‘ladi.

Top