21:29 / 04.08.2016
4512

Microsoft 2016 yilda axborot markazlari qurish uchun 15 mlrd dollar sarflaydi

Dunyoda dasturiy ta'minot ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniya Microsoft o‘zining bulutli xizmatlari ishi uchun ishlatadigan axborot markazlari qurishga investitsiyalarni ikki martaga ko‘paytirmoqchi. Bu haqda kompaniyaning sharqiy davlatlar bo‘yicha vitse-prezidenti Karen Del Veskovo ma'lum qildi. 
 
Uning aytishicha, kompaniyaning moliyaviy direktori 2016 yilda axborotni qayta ishlash markazlarini qurish uchun 15 mlrd dollar ajratgan. Bir yil avval shu maqsadda 8 mlrd dollar ajratilgandi. 

Veskovoning aytishicha, Microsoft’ning axborot markazlari 34 ta davlatda joylashtirilgan, bu esa Amazon Web Services va Google’ning birgalikda olingan axborot markazlaridan 2 marta ko‘proqni tashkil qiladi.  

Veskovoning ma'lum qilishicha, kompaniyaning axborot markazlari kompaniyaning bulutli platformasi Azure’da ishga tushirilgan 1,6 mln ta SQL ma'lumotlar bazasini, har oy Azure Internet of Things platformasi orqali 2 trln ta xabarni, kuniga 777 trln ta ma'lumotlar uzatish jarayonini va Azure Active Directory xizmatining 500 mlndan ko‘proq foydalanuvchisining operatsiyalarini qayta ishlaydi.

Ayni vaqtda Azure foydalanuvchilari soni har oy 120 mingtaga ko‘paymoqda. Fortune 500 ro‘yxatiga kiruvchi yetakchi kompaniyalarning 85 foizi Microsoft’ning bulutli mahsulotlarini joriy qilgan, ulardan 60 foizi uch yoki undan ko‘proq shunday mahsulotlardan foydalanadi.

Top