18:14 / 05.08.2016
13457

Barak Obamaning qizi ishga kirdi

AQSh prezidenti Barak Obamaning qizlaridan biri o‘ziga ish topdi. Hello nashrining yozishicha 15 yoshli Sasha yozgi ta'tildan foydalanib Massachusets shtatidagi Martas-Vin'yard orolida joylashgan Nancy's restoranida ishlay boshlagan.

Bu restoranda u ofitsiant sifatida mijozlarga xizmat qilmoqda. Ya'ni, u stollardan idishlarni yig‘ishtirib olish va buyurtmalar qabul qilish bilan shug‘ullanadi.

Sashaning xavfsizligini ta'minlash uchun maxfiy xizmat xodimlari qo‘riqchi sifatida biriktirilgan, lekin Obamaning qizi o‘zini mutlaqo erkin his qilishi ta'minlangan. Ular restoran yaqinidagi mashinada navbatchilik qiladi.

Boston Herald nashrining yozishicha, Sasha (uni oilasida shunday atashadi, to‘liq ismi Natasha) Obama o‘z ish joyiga 6 kishi hamrohligida kelgan.

"U birinchi qavatda, oziq-ovqatlar sotiladigan bo‘limda ishlayapti. Biz avvaliga unga nega 6 kishi yordam berayotganini tushunmagandik, lekin keyinroq uning kimligini bildik", - degan Sashaning hamkasblaridan biri.

Oq uydagilar hozircha bu xabarga munosabat bildirmagan. Lekin Sashaning onasi Mishel Obama biroz oldinroq o‘z qizlarini oddiy fuqarolar qatori tarbiyalashni istashi haqida aytib o‘tgandi.

Nancy's restorani baliqli taomlari bilan mashhur. Obamalar oilasi Martas-Vin'yardga yozgi ta'tilni o‘tkazish uchun kelganida bu restoranga ko‘p marta tashrif buyurgan.

Mavzuga oid
Top