21:04 / 08.08.2016
10095

iPhone'ning rasman taqdim qilinmagan modellari videosi

Apple'ning yangi smartfonlari taqdimoti yaqinlashgan sari internetda tez-tez bo‘lg‘usi yangi qurilmalarning surat va videolari paydo bo‘lmoqda. Bularga ishonish yo ishonmaslik foydalanuvchilarning o‘ziga havola, albatta. So‘nggi videomaterialda tomoshabinlar hukmiga biryo‘la 3 model taqdim qilinadi - iPhone 7, iPhone 7 Plus va iPhone 7 Pro. Namoyish qilingan uchta qurilma amaldagi namunalar emas, bo‘lg‘usi yangi smartfonlarning tashqi dizaynini ko‘rsatuvchi maketlar, xolos. 

Videoda iPhone 7 va iPhone 7 Plus qurilmalari tashqi ko‘rinishidan faqat displey hajmi jihatidan farq qiladi, iPhone 7 Pro esa ikki modulli asosiy kamerasi bilan ajralib turadi. Apple haqiqatda bu uch qurilmani ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadimi yoki yo‘q - hozircha noma'lum. 

Taxminlarga ko‘ra, ikki modulli kameraning sozlamasidagi murakkabliklar iPhone 7 Pro qurilmasining bahosini tushirib yuborishi mumkin, shunday bo‘lgan taqdirda, korporatsiyaning qurilmani ishlab chiqarishga sarflaydigan pullari o‘zini oqlamaydi. Shunga qaramay, sentabr oyida iPhone'ning ikki odatiy modellari taqdimoti bo‘lib o‘tishi aniq. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, iPhone 7 takomillashtirilgan Apple A10 chipi, avvalgi 16 Gb o‘rniga 32 Gb ichki xotira, LTE va Wi-Fi tezkor modullari, namlik va changdan himoya bilan ta'minlangan. Quloqchinlar uchun 3,5 millimetrli darcha yo‘q. Yangi qurilma taqdimoti an'analarga sodiq holda sentabr oyida o‘tkaziladi. Videoda ko‘rganlarimiz hayotda o‘z aksini topadimi yoki yo‘q - buni 6 sentabr kuni o‘tkaziladigan rasmiy taqdimot marosimida bilib olamiz.  

Top