11:39 / 08.08.2016
10528

Mourino Pogba uchun nega buncha ko‘p pul sarflanayotganiga izoh berdi

«Manchester Yunayted» jamoasi bosh murabbiyi Joze Mourino rahbariyati nima uchun «Yuventus»dan Pol Pogbani katta miqdordagi mablag‘ evaziga sotib olayotgani haqida fikrini bildirdi.

«Bizda «o‘nliklar», ya'ni hujumchilar bor. Ammo «ikkinchi yarimhimoyachi», qaysiki kuchli, yaratuvchan va ko‘proq gol uradigan futbolchi yo‘q.

Men Lempard, Skoulz va Jyerrardni ajoyib «ikkinchi yarimhimoyachi»lar deb bilaman. Ular «o‘nliklar»dan ham ko‘proq gol ura olishadi, bundan tashqari «oltiliklar» kabi himoyalana olishadi. Bundaylarni kunduzi chiroq yoqib ham izlab topish qiyin ish», deya Mourinoning so‘zlarini keltiradi goal.com.

Bundan oldingi xabarlarda mankunianliklar futbolchi uchun futbol tarixidagi rekord darajada mablag‘ (110 million yevro naqd va 10 million yevro bonus ko‘rinishida) to‘lashi haqida aytilgandi.

«Yuventus»ga Pogba «MYu» bilan shartnomasini uzaytirishi evaziga yana 5 mln yevro berilishi mumkin.

«Manchester Yunayted» Pogbaning agenti bo‘lmish Mino Rayola bilan ham shaxsiy shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishgan. Unga ko‘ra, futbolchining maoshi yiliga 20 million yevroni tashkil etadi.

Manba: Tribuna.uz

Top