00:19 / 09.08.2016
11279

IShID safiga jangarilarni yetkazib berishda ayblangan 70 yoshli rossiyalik nafaqaxo‘r 5,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi

foto koza.press

27 iyul kuni Nijniy Novgorod sudi 70 yoshli nafaqaxo‘rga 5,5 yillik qamoq jazosini tayinladi. U o‘z uyida ijaraga turuvchilarni IShID safiga jo‘natganlikda ayblandi. «Mediazona» nashri mazkur ish yuzasidan batafsil ma'lumotlarni taqdim etdi. 

Nimada ayblashdi

2016 yilning 11 martida Nijniy Novgorodda istiqomat qiluvchi 70 yoshli Tagir Xasanovning xonadoniga FQB xodimlari kelishgan. Nafaqaxo‘rning boshiga xalta kiydirib, uning uyini tintishgan. 

Xavfsizlik xodimlari Xasanovning oldiga kelishiga 2014 yilda Suriyaga ketib, IShID safiga qo‘shilgan ingushetiyalik Bogdan Umarovga aloqadorligi sabab bo‘lgan. FQBning ma'lum qilishicha, Umarov Suriyaga 70 yoshli Xasanovning bosimi ostida yo‘l olgan, zero u qachonlardir otaxonning uyida ijaraga turgan. 

Umarovga nisbatan federal qidiruv e'lon qilingan, sobiq ijrachisining uyida esa qidiruv chog‘ida diniy adabiyot va 5ta qonga bo‘yalgan 7,62 millimetrli kalibr patronlari topilgan. Xasanovni o‘sha kunning o‘zidayoq qo‘lga olishgan, 12 martda esa ikki oyga ozodlikdan mahrum etilgan. U tergovning tugashini mahalliy qamoqxonada kutdi. 

Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, Xasanov 2013 yildan beri jangarilarni jo‘natish bilan shug‘ullangan. U uyida ijaraga turgan besh yigit bilan yaxshilab "ishlagan", ular bilan din haqida suhbatlar olib borgan, shuningdek butun dunyo musulmonlari birlashib, Umumjahon Xalifalik tuzishlari kerakligini aytgan. Shu bilan birga ijarachilarga Suriyada bo‘layotgan voqealar tushirilgan  videolavhalarni ko‘rsatgan va ularni "birodarlar" tomonida jang olib borishga da'vat qilgan. Buning natijasida ijarachilardan biri Bogdan Umarov haqiqatdan ham IShID safida jang qilish uchun yo‘l olgan. 

Yangi jangchini jo‘natgan Xasanov taxminan yana yarim yil u bilan qo‘ng‘iroqlashib, uning qarorini har jihatdan qo‘llab-quvvatlagan. 

Tergovchilarning ma'lum qilishicha, Xasanov uning uyida yashovchi o‘zbekistonlik Tursunboyev, Dehqonov, Ro‘ziyev va Jumaniyozovni ham Suriyaga jo‘natishga uringan, ularga ingushetiyalik Umarovni ibrat qilib ko‘rsatgan. 

Guvohlar nima deydi

Suriyaga ketgan Umarovning sobiq ma'shuqasi nafaqaxo‘rga qarshi ko‘rsatma bergan. U o‘zi bilan birga yashagan Umarovning 2013 yilda nafaqaxo‘r bilan tanishganidan so‘ng kamgap, dindor bo‘lib qolganini hamda o‘zini Abdulloh deb atashni boshlaganini so‘zlab bergan. 2014 yilning 14 noyabrida u Moskva aeroportidan qo‘ng‘iroq qilgan va Nijniy Novgorodga boshqa qaytmasligini aytgan. 

Tergov paytida ayol sevgilisini izlab, Xasanov bilan uchrashgani, u esa ayoldan qidiruvni to‘xtatishni talab qilib,  Umarov uning maslahati bilan shahid bo‘lganini so‘zlab berdi. 

Biroq sudda jangarining sobiq ma'shuqasi ko‘rsatmalarini o‘zgartirdi va nafaqaxo‘r bilan haqiqatda uchrashgani, ammo u Umarovning "har baloni o‘qib", Suriyaga ketib qolganini ma'lum qilganini aytadi.  

Umarov keyinchalik sobiq sevgilisi bilan aloqaga chiqqan, u jangarilar tomonida kurash olib borayotganini aytgan, lekin otaxonning bosimi ostida ketganligiga doir hech narsa demagan. 

Nafaqaxo‘rning boshqa bir ijarachisi - Jumaniyozov tergovchilarga Xasanov uni ham IShID safiga qo‘shilishga chorlaganini aytgan. Biroq Xasanovning huquq himoyachisi aytishicha, xavfsizlik xodimlari guvohning ko‘rsatmasini o‘zgartirib ko‘rsatishgan. 

Xasanov yigitlarni jangarilarga qo‘shmoqchi bo‘lgani to‘g‘risida yana bir ijarachi - Tursunboyev ko‘rsatma bergan. Sudda u tarjimon orqali ko‘rsatma bergan, sudlanuvchining advokati esa Tursunboyevning rus tilini bilmasligini, shu sababli ham tatar millatiga mansub Xasanov uni jangarilar safiga da'vat qila olmasligini aytgan, chunki u ham o‘zbekchani bilmasdi, axir. 

Yana ikki ijarachi ham tergov jarayonida Xasanovga qarshi ko‘rsatma berishgan, ammo migratsiya qonunchiligini buzishgani bois deportatsiya qilinib, sudda ishtirok eta olishmagan.

Xasanovning advokati guvohlar haqiqatda nafaqaxo‘rning uyida ijarada turganini tasdiqladi, biroq u yigitlar bilan deyarli muloqot qilmagani, chunki ijarachilar doim ishda bo‘lishgani, shu bois jangarilar safiga chorlash haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emasligini aytgan. 

Qo‘shnilar va qarindoshlar nima deydi

Nafaqaxo‘rning qarindoshlari va qo‘shnilari uning aybdorligiga ishonishmaydi. Qo‘shnilardan biri nafaqaxo‘r Aleksandr Balakin Xasanovni ruhan qo‘llab-quvvatlash uchun sud majlislariga muntazam qatnagan. U sudga tergovchilar ustidan arz qilib, ularning nafaqaxo‘rga bosim o‘tkazish va tahdid qilishga urinishganini, shuningdek Xasanovning tilga olmagan so‘zlarini bayonotga qo‘shishganini aytdi.

Xasanovning boshqa qo‘shnilari ham unga ijobiy tavsif berishgan hamda uning hech qachon diniy mavzuda gap ochmaganini, butun mahalla uning taqdiridan xavotirda ekanligini ma'lum qilishgan.

Tergovchilar Suriyaga ketgan Umarovning qarindoshlarini ham so‘roq qilishgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Bogdan so‘nggi 5 yil davomida jangarilarga qo‘shilishga doir suhbatlar qurgan. Xasanovning advokati aytishicha, nafaqaxo‘r emas, aynan Umarovning o‘zi qo‘shnilarni IShID safiga chorlash bilan shug‘ullangan. 

Sud qanday qarorga keldi

Manbaga ko‘ra, sud nafaqaxo‘r patronlarni kimdan sotib olgani va nima uchun ular qonga belangan bo‘lganligiga hech qanday izoh topa olmadi. Biroq guvohlarning nafaqaxo‘rga tuhmat qilishdan hech qanday naf ko‘rmasligini yaxshi bilgan. 

Xasanov yigitlarni jangarilar safiga jo‘natishga doir  ayblovlarni inkor qilib, patronlarni qidiruv paytida tergovchilarning o‘zi tashlab qo‘yganligini taxmin qildi. Shunga qaramay, sud Xasanovni aybdor deb topib, uni 5,5 yilga umumiy tartibli qamoqxona jazosini o‘tashga hukm qildi. 

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, u hukm ustidan shikoyat qilib, Xasanovga eng kam muddat belgilanishini talab qilmoqchi. Himoyachi nafaqaxo‘rni to‘liq aybsiz deb topishlarinii istashini bildirgan. 

 

Mavzuga oid
Top