16:04 / 09.08.2016
11168

Soxta Korzinka.uz’lar faoliyatiga chek qo‘yildi

Davlat Raqobat qo‘mitasi Korzinka.uz tovar belgisidan noqonuniy foydalanish holatiga chek qo‘ydi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ushbu tovar belgisi (Korzinka, Korzinka.uz, Korzinka) Anglesey food sho‘'ba korxonasi tomonidan Intellektual mulk agentligida ro‘yxatga olingan bo‘lib, uning intellektual mulki hisoblanadi.

Davlat Raqobat qo‘mitasiga Anglesey food sho‘'ba korxonasining murojaati kelib tushgan bo‘lib, murojaatda unga tegishli bo‘lgan tovar belgisidan ruxsatsiz foydalanilayotganligi ko‘rsatilgan.

O‘rganish davomida YaTT «Madaminov Z» tomonidan Qo‘qon shahri, Huvayda ko‘chasi, 30-manzilda joylashgan savdo do‘konida Korzinka tovar belgisi bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil bo‘lgan tovar belgilar ostida savdo faoliyati bilan shug‘ullanayotganligi aniqlandi.

Shunga o‘xshash yuqoridagi tovar belgisiga nisbatan bo‘lgan huquqning buzilishi Namangan shahrida «Ibratomuz qurilish» xususiy firmasi va «Spektr sanoat savdo» MChJ tomonidan, shuningdek, Qo‘qon shahrida xususiy tadbirkor «Madaminova Paridaxon» tomonidan amalga oshirilgan.

Davlat Raqobat qo‘mitasi tomonidan tegishli ishlarning amalga oshirilishi natijasida qonunbuzarlik holatiga chek qo‘yildi.

Ma'lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasining «Raqobat to‘g‘risida»gi qonuni 13-moddasiga muvofiq yuridik shaxsning intellektual faoliyati natijalaridan va ularga tenglashtirilgan individuallashtirish vositalaridan, tovarni individuallashtirish vositalaridan qonunga xilof ravishda foydalangan holda tovarni realizatsiya qilish insofsiz raqobat hisoblanadi va qonun bilan taqiqlanadi.

Top