17:51 / 10.08.2016
9546

Arktika qirg‘oqlari nima uchun tez vayron bo‘lmoqda

Foto: RIA Novosti

Vize oroli qirg‘oqlari iqlim o‘zgarishi tufayli katta tezlik bilan vayron bo‘lmoqda. So‘nggi 7 yil ichida u 70 metrdan ortiq masofaga chekindi, buni dunyo aksilrekordi deb hisoblash mumkin. Bu haqida Rossiyadagi Jahon yovvoyi tabiat fondi (WWF) ma'lum qildi. 

"Vize oroli qirg‘oqlarida avval ham vayronagarchiliklar kuzatilgan, bu tabiiy jarayon. Biroq o‘tgan asrning 50-yillarida qirg‘oqning chekinish tezligi yiliga 1,5 metrni tashkil qilgan bo‘lsa, 2009-2016 yillar davomidagi  kosmik suratlar qirg‘oqning 74 metrga chekinganini ko‘rsatgan. Tezlikning oshish surati kishini hayratga soladi", - deya so‘zlaydi glyatsiolog Aleksandr Aleynikov.

Fondning ma'lum qilishicha, bunday shiddatli o‘zgarishlar birinchi navbatda qirg‘oqlardagi dengiz to‘lqinlarining yemirilishi bilan bog‘liq. To‘lqinlarning harakati esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri mavsumdagi yoz kunlari soniga bog‘liq, zero yozda muzlardan xoli ochiq suvlar bo‘ladi. Landsat'ning o‘tgan yilgi kosmik suratlari tahlili iqlimning isishi natijasida ochiq suv davrining uzayganini aniqladi. 2016 yilning 15 iyulidagi kosmik suratda Vize orolining suvli hududida suzib yuruvchi muzning butkul yo‘qligi ko‘rinib turibdi. 

"Ma'lumki, qirg‘oqlari vayron bo‘lish jihatidan dunyo miqyosida  eng yuqori tezlik  Novosibir orollarida qayd etilgan, ular yiliga 5-15 metrga, ba'zan kuchli bo‘rondan keyin 20 metrgacha chekinadi. Vize orolida qirg‘oqlarning vayron bo‘lish tezligi bundan ham yuqoriga o‘xshaydi. Kuzatuvlarni davom ettirish lozim", - deya izohlaydi Rossiya WWF "Iqlim va energetika" dasturining koordinatori Oksana Lipka. 

Fondning ta'kidlashicha, Arktika iqlimi Yerga nisbatan taxminan ikki barobar tez isimoqda. Bu esa hududni o‘zlashtirish istiqbollarini ochadi, Shimoliy dengiz yo‘lidan faol foydalaniladi, muz kamayishi tufayli foydali qazilmalarni izlash jarayoni tezlashadi, yangi obektlar barpo etiladi, infratuzilma rivojlanadi. 

Mavzuga oid
Top