18:30 / 12.08.2016
8234

Toshkentda “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan sportning “O‘q otish” turi bo‘yicha musobaqa tashkil etildi

O‘zbekistonda yoshlar qalbida Vatanga yuksak sadoqat, respublika Qurolli kuchlari bilan g‘ururlanishlari va harbiy xizmatga nisbatan chuqur hurmat tuyg‘ularini singdirish hamda sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish maqsadida keng miqyosda ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 2016 yilning 11 avgust kuni Toshkent shahar “Vatanparvar” tashkiloti tasarrufidagi Uchtepa O‘quv sport texnika klubi tomonidan shahar miqiyosida yagona hisoblangan Uchtepa tumanida joylashgan 238-maktabda Ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobda turuvchi voyaga yetmaganlar uchun tarbiya va sport oromgohida sportning “O‘q otish” turi bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.

Tadbir jarayonida oromgohda tarbiyalanuvchi bolalarga kelajakda vaqtlarini unumli va mazmunli o‘tkazishlari maqsadida “Vatanparvar” tashkilotida sportning texnik va amaliy turlari uchun avtomodel, karting, aviamodel, “O‘q otish” yo‘nalishidagi tashkil etilgan to‘garakalarga a'zo bo‘lishlari targ‘ib etildi.

Amaliyotda esa ushbu sport turlariga taalluqli ko‘rgazmali qurollar yoshlar uchun namoyish etildi va bu kabi tadbirlar yoshlarda katta taassurot qoldirdi. 

Musobaqa so‘ngida chempionat g‘oliblariga maxsus sovg‘a va faxriy yorliqlar topshirildi. Shuningdek, oromgoh xodimlari, shahar “Kamolot”YoIH rahbariyati yurt kelajagi bo‘lgan yoshlar uchun mazmunli tadbir uyushtirgan Toshkent shahar “Vatanparvar” tashkilotiga minnatdorlik bildirishdi.

 

Toshkent shahar “Vatanparvar” tashkiloti “Ma'naviyat” bo‘limidan Tojiddinova Shahnoza tayyorladi.

Top