23:44 / 13.08.2016
10512

Uber qanday qilib dunyoning eng qimmat startapiga aylandi

Yetti yil avval San-Frantsiskoda smartfon yordamida mashina buyurtma qilish imkonini beruvchi UberCab nomli startap o‘z faoliyatini boshladi. O‘shandan beri Uber kompaniyasi servislari butun yer shari bo‘ylab kengayib ketdi. Kompaniya bugungi kunda 58 mamlakatda xizmat ko‘rsatadi va uning bahosi 60 milliard dollardan ortiq baholanadi. Bu oson kechmadi, albatta. Startapning bahosi o‘sgan bo‘lsa-da, raqobat va taqiqlar bilan kurashish oson kechmadi.

  Bugungi kunda ham Uber kompaniyasining yo‘lida avvalgidek to‘siqlar paydo bo‘lmoqda - bunda an'anaviy taksi xizmatlari va hattoki o‘z xodimlarining "hissalari" katta. 

  Uber bugungi mavqeiga erishgunga qadar qanday yo‘llarni bosib o‘tdi? Uning bosh direktori Trevis Kalanik qanday kunlarni boshidan o‘tkazdi? 1998 yilning iyun oyi. Scour startapi investitsiyalarning birinchi transhini Disney korporatsiyasi sobiq prezidenti Maykl Ovits va Yucaipa Companies xususiy investitsiya firmasi vakili Ron Byorkldan qabul qildi. Ushbu loyihada ishtirok etish uchun Kalanik Los-Anjyelesdagi Kaliforniya universitetidagi o‘qishini ham tashlab ketgan. 

2000 yilning oktabr oyi. Scour bir necha ko‘ngilochar kompaniyalarning taxminan 250 milliard dollarlik da'vo obektiga aylandi va inqiroz  haqida e'lon qildi. 

2007 yilning aprel oyi. Kalanik 2001 yilda o‘zi asos solgan RedSwoosh kompaniyasini 23 million dollarga sotdi va millionerga aylandi. 

2008 yilning dekabr oyi. LeWeb texnologiya konferensiyasida Kalanik keyinchalik Uber'ga aylangan g‘oya haqida eshitib qoladi. U telefon yordamida qimmatbaho avtomobillar ijara narxini qanday tushirish borasida bosh qotiradi.

2009 yilning mart oyi. Qimmatbaho qora avtomobillarni buyurtma qilish servisi - Uber (u payt UberCab) kompaniyasiga asos solindi. Kompaniyaning birinchi versiyasini Gerrett Kemp, Oskar Salazar va Konrad Uilanlar yaratishgan, Kalanik esa "megakonsultant" rolida qatnashgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha payt kompaniyada uni "bosh inkubator" deb atashgan. 

2010 yilning yanvar oyi. Kalanik Twitter'da shunday deb yozadi: "Geolokatsiyaga asoslangan yangi loyihani boshqarish uchun biznesni rivojlantirish bo‘yicha mahoratli mutaxassis izlayapmiz. Hozircha mahsulot chiqarilmagan, katta kapital, nufuzli kishilar jalb qilingan - mo‘ljalingizda kimdir bormi?". Ushbu e'lon asosida kelgan Rayan Greyvs keyinchalik kompaniyaning bosh direktoriga aylanadi. 

2010 yilning iyun oyi. Uber San-Frantsiskoda yo‘lga qo‘yiladi. U paytlar kompaniya xizmati taksi xizmatidan 1,5 barobar qimmat bo‘lgan, lekin mashinani birgina tugmani bosib yoki SMS orqali chaqirish mumkin edi. Shu bois servis tez orada tanilib ketdi. 

2010 yilning oktabr oyi. Uber Kalanikning do‘sti Kris Sakkiga tegishli First Round Capital kompaniyasi va Napster hammuassisi Shon Fenningdan 1,25 million hajmda investitsiyalar olib, moliyalashtirishning birinchi raundini yopadi. 

2010 yilning dekabr oyi. Bosh direktor lavozimini egallagan Rayan Greyvs o‘z o‘rnini Kalanikka bo‘shatib beradi. Keyinchalik Greyvs yana kompaniyani boshqaradi. 

2011 yilning fevral oyi. Uber kompaniyasi moliyalashtirishning A seriyali raundini 11 million dollar hajmda yopadi. Kompaniya 60 million dollarga baholanadi. Raundni Benchmark fondi olib boradi, uning hamkori Bill Hyorli esa Uber'ning direktorlar kengashiga qo‘shiladi. 

2011 yilning may oyi. Uber xizmati Nyu-Yorkda yo‘lga qo‘yiladi - bugungi kunda bu kompaniyadagi eng katta va murakkab bozorlardan biri. 2015 yilning aprel oyidan 2016 yilning apreligacha Uber bu yerda kuniga o‘rtacha 170 ming marta yo‘lovchi tashish ishlarini olib borgan.

2011 yilning dekabr oyi. Uber xalqaro ekspansiyani boshlaydi. Bu borada tanlov Parijda to‘xtaydi. Bundan tashqari, 32 million summa bilan V seriyali moliyalashtirish raundi yopiladi. Unda Menlo Ventures fondi, Amazon rahbari Jyeff Bezos va Goldman Sachs banki ishtirok etadi. 

2012 yilning iyul oyi. Uber dastlab maxfiy bo‘lgan loyihasi - Uber X arzon servisi haqida ma'lum qiladi. Xizmat endi ish boshlaganida Toyota Prius va Cadillac Escalade kabi noyob mashinalarga buyurtma qabul qiluvchi original servisdan 35 foizga arzon bo‘lgan. Kalanikning so‘zlariga ko‘ra, "Uber — hayot tarzi va tashish xizmatlari birikmasi".

2012 yilning avgust oyi. San-Frantsiskoda Uber'ning asosiy raqibi Lyft ishga tushiriladi. Shaharda narx-navo urushi kuzatiladi. 

2013 yilning avgust oyi. Uber Hindiston va Afrikaga yetib keladi hamda Google Ventures'dan 258 million dollar olib, S seriyali moliyalashtirish raundini yopadi. Kompaniya 3,76 milliard dollarga baholanadi. 

2014 yilning aprel oyi. Uber kompaniyasi Manxettan hududida velosiped yetkazib beruvchi UberRUSH xizmatini yo‘lga qo‘yadi. 

2014 yilning iyul oyi. Uber Xitoyga keladi va oxir-oqibat bu mamlakat kompaniya uchun eng ahamiyatli bozorga aylanadi - kompaniya xizmatlarini taqdim etuvchi eng yirik 10 shahardan 5 tasi Xitoy hududiga to‘g‘ri keladi. 

2014 yilning avgust oyi. Uber kompaniyasi hamroh bilan sayohat qilish va pulini bo‘lishib to‘lash imkonini beruvchi UberPOOL servisini ishga tushiradi.

2014 yilning dekabr oyi. Uber Xitoyning Baidu qidiruv gigantidan 600 million dollarga ega bo‘ladi. Endi xitoy servisining mobil qidiruvi va xaritasi Uber bilan integratsiya qilinadi. 


 
2015 yilning yanvar oyi. Uber Honkongda harakatlanish va yuk yetkazishning barcha talablarini qondiruvchi UberCARGO servisini yo‘lga qo‘yadi. Uning shiori - "tovarlar uchun VIP-sayohat".

2015 yilning mart oyi. Uber kompaniyasi deCarta kartografik startapini sotib olish jarayonini boshlaydi - ehtimol, bu Google Maps'ga tobelikni kamaytirish maqsadida amalga oshiriladi. Bu kompaniyaning birinchi qo‘lga kiritgan startapi bo‘ldi.  

2015 yilning aprel oyi. Kompaniya bir necha daqiqa ichida taom yetkazib beruvchi UberEATS'ni yo‘lga qo‘yadi. Servis to‘rt shaharda o‘z ishini boshlaydi: Los-Andjyeles, Barselona, Chikago va Nyu-York. Bugungi kunga kelib, bu xizmat AQShning 23 shahrida faoliyat ko‘rsatadi. 

2015 yilning may oyi. Uber o‘zining robot-texnika markaziga Karnegi-Mellon universitetidan 40 nafardan ortiq xodimni o‘ziga og‘dirib oladi - bu yerda haydovchisiz avtomobil yaratiladi. 

2015 yilning iyun oyi. Butun Fransiya bo‘ylab noroziliklar avjiga chiqadi: taksi haydovchilari va ularning tarafdorlari yo‘l harakatini to‘xtatib qo‘yishadi, shinalarni yoqishadi va Uber haydovchisi deb hisoblagan kishilariga hujum qilishadi.

2015 yilning iyun oyi. Kaliforniya mehnat komissiyasi Uber haydovchisi - mustaqil emas, yollanma ishchi ekanligi haqida qaror qabul qildi. Bunday qaror kompaniyaning biznes-modeliga nisbatan shubha uyg‘otadi. Qaror San-Frantsiskoda yashovchi haydovchi Barbara Enn Bervikning Uber'ga qarshi arziga javoban qabul qilingan. 

2015 yilning sentabr oyi. Xitoy bo‘limi mamlakat bozori uchun kurashga 1,2 milliard dollar hajmda moliyalashtirishni jalb qiladi. 

2015 yilning oktabr oyi. Uber rasman UberRUSH dasturini yo‘lga qo‘yadi - u 2014 yilning aprelidan test rejimida xizmat ko‘rsatgan. 

2016 yilning yanvar oyi. Uber xalqaro ekspansiyani moliyalashtirish uchun yana 2 milliard dollar xususiy kapitalni jalb qiladi. 

2016 yilning fevral oyi. Uber rossiyalik milliarder Mixail Fridmandan 200 million dollar miqdorda investitsiya oladi. 

2016 yilning fevral oyi. Uber servis reklamasiga doir shikoyat natijalariga ko‘ra, 25 nafar yo‘lovchisiga 28,5 million dollar to‘lashga rozilik beradi. Bitim shartlariga ko‘ra, kompaniyaga bundan buyon "sohadagi eng yaxshi" yoki "o‘z yo‘nalishida eng yaxshi" iboralarini qo‘llash taqiqlanadi. 

2016 yilning may oyi. Uber va uning raqibi Lyft Ostin shahri (Texas) aholisi haydovchilarning barmoq izlarini to‘plash uchun ovoz berganidan keyin u yerdan ketadi.

2016 yilning may oyi. Uber va Toyota "Hamkorlik memorandumi"ni imzolashadi.

2016 yilning  iyun oyi. Uber Saudiya Arabistoni Investitsiya fondidan eng yirik individual investitsiya - 3,5 milliard dollarni jalb qiladi. Fondning boshqaruvchi direktori Yosir al-Rumayyan kompaniyaning direktorlar kengashi a'zosiga aylanadi. 

2016 yilning iyun oyi. Kalanik Uber'ning butun dunyo bo‘ylab yuzlab shaharlarda daromad keltirayotganini, biroq bu pullar xitoylik raqib - Didi'ga qarshi urushga qayta investitsiya qilinayotganini ma'lum qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kurash kompaniya uchun bir yilga milliard dollarga tushadi.

2016 yilning iyul oyi. Uber yana 1,15 milliard dollar qo‘lga kiritadi - bu safar zayom ko‘rinishida. Kompaniya past foizli stavkalardan foydalanadi va "global ekspansiya va operatsion faoliyatni, shuningdek ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun" kredit oladi.

2016 yilning iyul oyi. Uber Vengriyada muammoga duch keladi. Qonunchilik ish faoliyatini yakunlashga majbur qiladi va kompaniya bu yerdan ketishiga to‘g‘ri keladi. Bunga taksichilarning ko‘p oylik norozilik namoyishlari sabab bo‘ladi. 

2016 yilning iyul oyi. Oyning o‘rtasida kompaniya buyurtmalari sonining 2 milliardga yetganini ma'lum qiladi.

2016 yilning iyul oyi. Federal sud Uber'ni kompaniyaga qarshi ish ochgan shaxs haqida mustaqil ma'lumot olish uchun xususiy detektiv kompaniyasiga murojaat qilganlikda ayblaydi.

2016 yilning iyul oyi. Xitoy hukumati ko‘chada taksi "tutish" imkonini legalizatsiyalashtiradi. Bu esa Uber va Didi'ga katta muammo tug‘diradi. Didi Xitoyning 400dan ortiq shahrida, Uber esa 100ga yaqin shahrida xizmat ko‘rsatadi. 

2016 yilning iyul oyi. Xitoy bozoridagi kurash nihoyasiga yetadi - Didi va Uber 35 milliard dollarlik birlashuv haqida kelishib olishadi. 

Uber dunyodagi eng qimmat startapligicha qolmoqda. U Osiyo va Janubiy Amerikani  qamrab olish, haydovchisiz transport texnologiyasini rivojlantirish va milliardlab moliyalashtirishni jalb qilishda davom etmoqda. Kompaniya birjaga chiqqanicha yo‘q - Kalanikning so‘zlariga ko‘ra, u bu ishni imkon qadar ortga surishni rejalashtirmoqda, - biroq Didi bilan kelishuv bunga uzoq qolmaganini bildirishi mumkin. 

Top