21:38 / 14.08.2016
16324

"Boko xaram" terrorchilari 2 yil avval o‘g‘rilab ketilgan o‘quvchi qizlar videosini chop etdi

Foto: © AFP

Nigeriyada harakat qiluvchi "Boko xaram" terrorchilik guruhi 2014 yil aprelda Chibok shahridan o‘g‘rilab ketilgan nigeriyalik o‘quvchi qizlar videosini chop etdi.  

Xorijiy OAV ma'lum qilishicha, jangarilar videoni YouTube’da joylashtirgan. Videoda hijobda bo‘lgan  50 ga yaqin qiz "Boko xaram" jangarisi ortida turgani tasvirlangan. Jangari qizlarni terrorchilik guruhining hibsda ushlab turilgan a'zolariga almashishni talab qilgan. Qizlardan biri qo‘lida chaqaloq ushlab olgan bo‘lgan, bu esa qizlar terrorchilar tomonidan jinsiy zo‘ravonliklarga uchragan bo‘lishlari mumkinligini tasdiqlaydi.  

Jangarilar avvalroq ham shunday taklif bilan chiqqan. Biroq hukumat rad javobini bergan. Navbatdagi murojaat qizlarning yaqinlariga yo‘naltirilgan bo‘lib, jangarilar o‘z talablarining bajarilishi uchun odamlarga hukumatga ta'sir qilishni taklif qilgan.

Video chop etilgandan keyin Nigeriya hukumati jangarilar bilan aloqaga chiqqan.

"Bu ish bo‘yicha bizga ko‘plab marotaba murojaat qilingan. Biz aloqaga chiqqan odamlar, haqiqatda o‘zlari aytayotgan odamlar ekaniga ishonch hosil qilmoqchimiz", deb aytdi Nigeriya axborot vaziri Lai Muhammad.

2014 yil aprelda jangarilar Chibokdagi litseydan 276 o‘quvchi qizni o‘g‘rilab ketgan. Keyinroq ulardan 57 nafari qochishga muvaffaq bo‘lgan. Qolgan qizlar terrorchilar qo‘lida qolmoqda. Avvalroq jangarilar qizlarni zo‘rlab turmushga bergan yoki qullikka sotib yuborgan bo‘lishi mumkinligi ma'lum qilingandi.

Top