18:12 / 14.08.2016
8162

Floyd Meyvezer Rio-de-Janeyrodagi boks musobaqalari final bahslarini kuzatish uchun keldi

Boksning 5ta vazn toifasi bo‘yicha sobiq jahon chempioni, 39 yoshli amerikalik Floyd Meyvezer (49-0) Olimpiada janglarini bevosita tomosha qilish uchun Rio-de-Janeyro shahriga yetib kelgan. Bu haqda uning matbuot xizmati xabar tarqatgan.

Meyvezer VIP-o‘rinni rad etib, janglarni muxlislar qatorida tomosha qilishni tanlagan.

Matbuotda yozilishicha, u Braziliyaga o‘zining Mayweather Promotions nomli promouterlik kompaniyasiga yosh bokschilarni jalb etish maqsadida (skauting) kelgan. Buni u o‘zining instagramdagi sahifasida ham bildirgan. U boks arenasida tushirilgan surati ostiga shunday yozgan: «Olimpiya o‘yinlarida, bo‘lajak chempionlarni izlab».

Amerikalikning e'tibori britaniyalik Jo Joysga qaratilgan. U Kabo-Verde vakili Devilson Moraishni nokaut bilan yenggandi.

U barcha vazn toifalaridagi final janglarini tomosha qiladi. Jumladan, bugun -49 kilogrammgacha vazn toifasida kolumbiyalik Martinesga qarshi ringga chiqadigan o‘zbekistonlik Hasanboy Do‘stmatovning ishtirokini ham.

Ma'lumot uchun, o‘zbekistonlik professional bokschi Sanjar Rahmonov aynan Floyd Meyvezer promouterlik kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan bo‘lib, janglarini shu kompaniya nomidan o‘tkazib keladi.

Floyd Meyvezer o‘tgan yilning sentabrida 66,7 kg vazn toifasida 32 yoshli amerikalik Andre Berto (30-4)ni mag‘lub etgach, bokschilik faoliyatini yakunlagandi. Meyvezer 1996 yili Atlantada o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida bronza medal sovrindori bo‘lgandi. 

Top