12:12 / 15.08.2016
5335

Kiprda britaniyalik sayyohlarga hujum uyushtirildi

Foto: news.sky.com

14 avgust kuni Kiprda 22 yoshli Britaniya fuqarosiga pichoq bilan hujum qilingan, bo‘yin sohasidan jiddiy jarohat yetkazilgan sayyoh o‘sha yerning o‘zidayoq jon bergan

Jorj Lou Kiprdagi Ayya-Napa kurortiga dam olishga kelgan bo‘lgan. 

Mamlakat politsiyasining ma'lum qilishicha, Jorj bilan birga yana bir 22 yoshli britaniyalik ham hujumga yo‘liqqan.

Famagusa tuman politsiyasi boshlig‘i yordamchisi Jorjios Ekonomouning so‘zlariga ko‘ra, ikki britaniyalik serqatnov ko‘chalardan birida piyoda ketayotganida, ularga noma'lum kimsalar pichoq bilan hujum qilishgan.

Yigitlardan biri halok bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchisi hayot uchun katta xavf solmaydigan to‘rtta jarohat olgan. 

Bevaqt halok bo‘lgan Louning oilasiga yordam tariqasida pul yig‘ish uchun maxsus JustGiving sahifasi tashkil etildi. 

Kishilar ijtimoiy tarmoqlar orqali dartfordlik Louning yaqinlariga hamdardlik bildirishmoqda. Jorjni taniganlar u haqida faqat iliq fikrlar bildirishmoqda. 

"Biz 14 avgust kuni Kiprda halok bo‘lgan Britaniya fuqarosining oilasiga yordam ko‘rsatyapmiz va bu ish yuzasidan tergov olib boruvchi mahalliy hukumat organlari bilan aloqada bo‘lamiz", - dedi tashqi ishlar vazirligi vakili. 

Top