16:40 / 15.08.2016
4805

Namanganda «Istiqlol farzandlarimiz!» shiori ostidagi gala konsert tashkil etildi

Joriy yilning 12 avgust kuni Namangan viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining yigirma besh yilligi hamda 12 avgust – «Xalqaro yoshlar kuni» munosabati bilan «Navbahor» markaziy o‘yingohida viloyat hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, «Kamolot» YIH viloyat Kengashi, viloyat madaniyat va sport ishlari, o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi, xalq ta'limi boshqarmalari, MK «Vatanparvar» tashkiloti hamda viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari hamkorligida «Istiqlol farzandlarimiz!» shiori ostida gala konsert tashkil etildi.

Gala konsertni tashkil etishdan asosiy maqsad – yoshlarni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jarayonlar, demokratik o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishtirish, ularda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik va vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish va ijtimoiy faolligini oshirish, yoshlarni diniy ekstremizm va «ommaviy madaniyat»ning salbiy ta'sirlaridan asrash, ularni xalqimiz hamda milliy qadriyatlarimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash, shukronalikni kuchaytirish, mustaqillikni asrab-avaylashga o‘rgatishdan iborat.

Gala konsertni viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Ergashev O‘ktamjon ochib berdi hamda yoshlarni O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining yigirma besh yilligi tantanalari bilan samimiy qutladi.

Gala konsert dasturi doirasida mustaqillik tengdoshi bo‘lgan, 1991 yilda tavallud topgan, mamlakat ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan, turli sohalarda bir qator yutuqlarga erishgan 25 nafar yoshlar «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Namangan viloyati Kengashi tomonidan taqdirlandi.
O‘tkazilgan gala-konsert davomida viloyatimizning bir qator iste'dodli yosh san'atkorlari, shuningdek, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Aziza Niyozmetova, «Nihol» mukofoti sovrindorlari Farhod va Shirin vatanimizni, mustaqilligimizni, yoshlikni madh etuvchi kuylar bilan qatnashishdi.
Shuningdek, gala konsert davomida, iqtidorli sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etilib, ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Namangan viloyati,

 

Top