22:31 / 15.08.2016
6070

Sherigini pichoqlagan aroqxo‘r uzoq yilga ozodlikdan mahrum etildi

Botir ichkilik desa o‘zini tomdan tashlaydiganlar toifasidan edi. Shu sababli birinchi turmush o‘rtog‘i bilan ajrashdi. Ikkinchi turmush o‘rtog‘i ham uning bu qiliqlariga bardosh bera olmadi. U bilan ham ajrashdi. Momosidan qolgan uyda o‘ziga o‘xshash aroqxo‘rlar bilan yig‘ilishadigan bo‘ldi. Bu haqda «Huquq» nashri yozmoqda.

Bir kuni ulfatlar Botir, Baxtiyor va Ismat o‘sha uyda yig‘ilishib, bir shisha aroq ichishdi. Bu ularga kamlik qildi. Shunda ular tanishlari Sobir akaning uyiga borishga kelishib olishdi. Shu maqsadda Qarshi shahridagi «Kamandi» mahallasiga – S.Rasulovning uyiga borishdi.

Ular Sobir akaga xiralik qilib, uyidan aroq olib chiqishlarini so‘raydi. Uy egasi uyda aroq yo‘qligini aytadi. Ulfatlar undan pul talab qilishadi. Aroqxo‘rlardan qutulish maqsadida Sobir aka uyidan ularga pul olib chiqib beradi.

Shu tariqa ular yana Botirning hovlisiga yig‘ilishdi. Biroz o‘tib Ismatni kuzatib qo‘yishdi. Shundan so‘ng Botir va Baxtiyor do‘kondan qarzga aroq olib ulfatchilikni davom ettirishdi. Qattiq mast bo‘lib qolgan Baxtiyor Botirni buralab so‘kishga tushdi. Ikkalasi o‘rtasida tortishuv chiqdi. Shunda Botir xontaxta ustida turgan pichoqni olib, Baxtiyorning ko‘ksiga ketma-ket sanchadi. Sherigining joni uziladi.

Qotilni topish qiyin bo‘lmadi. Sudlanuvchi aybini tan oldi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi tomonidan Botir Sultonovga 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Top