14:39 / 17.08.2016
8331

Primoredagi bolalar bog‘chasiga kirib olgan ayiq otib tashlandi

Primore huquqni muhofaza qilish organi xodimlari  Kirov tumanidagi qishloqda joylashgan "Skazka" nomli bolalar bog‘chasiga kirib olgan ayiqni otib tashlashdi. Bu haqida viloyat ma'muriyatining saytida xabar berildi

Mahalliy aholi 12 avgust kuni 6-7 yoshlardagi yirik qora ayiqni ko‘rib qoldi. Yirtqich hayvon shu hudud yaqinidagi o‘rmonga joylashib olib, tashlandiq joylarda daydib yurgan, ba'zan turar joylar atrofida ham ko‘rishgan. 16 avgust kuni u maktabgacha ta'lim muassasasi hududiga kirib qolgan. Bolalar bog‘chasiga Primore politsiyasi va ov nazorat boshqarmasi xodimlari yetib kelishdi. Bog‘cha ishchilariga bolalar hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soluvchi xavf paydo bo‘lganligi haqida ma'lumot berildi. 

Maxsus tezkor guruh ayiqni o‘rmonga haydashga harakat qildi, biroq ayiq yana qaytib keldi. Manbada ta'kidlanishicha, jonivor och bo‘lgan, shu bois odamlarning yonidan ketishni istamagan. 

Ayiq orqa oyoqlarida turib, politsiya xodimlari tomon 10 metr masofaga yaqinlashganida unga o‘q uzishga qaror qilindi. Hozirda qishloq hududi nazorat ostida, aholi hayotiga tahdid soluvchi hech qanday xavf yo‘q. 

Top