20:43 / 18.08.2016
29043

Istanbulda o‘ldirilgan ozarbayjonlik "qonundagi o‘g‘ri"ning tanasidan 20ta o‘q olindi

Turkiyaning Istanbul shahrida Rovshan Lenkoranskiy laqabi bilan mashhur «qonundagi o‘g‘ri» Rovshan Janiyev hayotiga suiqasd uyushtirildi. Moskvada "qonundagi o‘g‘ri" Aslan Usoyanning (Ded Xasan) o‘limini buyurtma qilgani aytiladigan ushbu shaxs shifoxonaga olib borilganida uning badanidan 20ta o‘q olingan. Bu haqda ARA xabar tarqatdi.

Bundan avvalroq mahalliy nashrlarda Istanbulda ikki nafar qurollangan shaxs Rovshan Aliyevga tegishli avtomobilni o‘qqa tutgani haqida xabar berilgandi. Keyin ma'lum bo‘lishicha, u aslida Rovshan Janiyev. U  hujum vaqtidayoq halok bo‘lgan va uning haydovchisi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan, lekin uning hayotini ham saqlab qolishning iloji bo‘lmagan.

Hujum qilgan jinoyatchilarni qidirish ishlari olib borilmoqda.

Rovshan Janiyev (Lenkoranskiy) 1975 yilda Ozarbayjonning Lenkoran shahrida, militsioner oilasida dunyoga kelgan. Uning bobosi ham militsiya xodimi bo‘lgan.

Uning otasi respublika hududidagi jinoiy guruhlardan biri qurboniga aylangan. 1996 yilda Janiyev sud majlisi vaqtida o‘z otasi qotilligida ayblangan shaxsni otib tashlagan. Sud uni 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum etgan.

OAV ma'lumotlariga ko‘ra, 2012 yilda Dubayda Janiyevning hayotiga suiqasd amalga oshiriladi. U badanining 3ta joyidan tig‘li jarohat olib, shifoxonaga yotqiziladi. Bu hodisa ishtirokchilari orasida Suxumida "qonundagi o‘g‘ri" hisoblanadigan Merab Jangveladze, ya'ni Levan ham bor edi. O‘sha yilning sentabrida Janiyevni yana bir marta o‘ldirmoqchi bo‘lishgan.

Mavzuga oid
Top