10:02 / 19.08.2016
15282

Hindistonlik bokschi: «Bektemir Meliqo‘ziyev bir yil ichida katta o‘sishga erishgani ko‘rinib turibdi»

Rio-de-Janeyro shahrida davom etayotgan Olimpiada o‘yinlarining boks bahslarida -75 kg vazn toifasida ishtirok etib, chorak finalda musobaqa bilan xayrlashgan hindistonlik Vikash Krishan muvaffaqiyatsizligiga sabablarni izohlay turib, o‘zini mag‘lub etgan o‘zbekistonlik Bektemir Meliqo‘ziyevga yuqori baho berdi.

«Men jangda iloji boricha raqibga imkoniyat bermaslikka harakat qildim. Birinchi raundda imkon qadar klinchda ishlashga intildim, ammo bu harakatim o‘xshamadi. Meliqo‘ziyev birinchi raundni yutgach, qolgan vaqtda bu ustunlikni yo‘qqa chiqarishning iloji bo‘lmadi va mag‘lubiyatni tan olishga majbur bo‘ldim.

Men asosiy quroli chap qo‘li bo‘lgan bokschilarga tayyorlana olmadim. Hindistonda munosib raqib yo‘q. O‘zbekistondagi chempionatlarga borib shunday raqiblar bilan jang qilishimga ruxsat bo‘lmadi.

Jangda Bektemirdan ko‘ra yaxshi harakat qila olmadim. Men uning chap qo‘li oldida ojiz edim. Iloji boricha o‘ng va chap qo‘llarni ishga solib natijaga erishishni istagandim, buni uddalay olmadim, u esa jangda ustunlik qildi. 

O‘tgan yili Tailandda o‘tgan Osiyo chempionatida unga yutqazganimdan keyin o‘zbekistonlik bokschi yanada o‘sishga erishibdi. Ayniqsa, uning tezligida bu yaqqol ko‘zga tashlangan. Umuman o‘zbekistonliklar Olimpiadaga bizga qaraganda ancha yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan.

Men har doim Hindiston mustaqillik bayramiga medal ulashish uchun harakat qilganman. Bu yil mustaqillikning 70 yilligiga olimpiada medalini sovg‘a qilishni istagandim. Buning imkoni bo‘lmadi. Juda afsusdaman», deya Vikashning so‘zlaridan iqtibos keltiradi F Sports nashri.

Eslatib o‘tamiz, -75 kg vazn toifasidagi Bektemir Meliqo‘ziyev va hindistonlik Vikash Krishan o‘rtasidagi chorak final bahsida o‘zbekistonlik bokschi 30:26, 30:26, 30:27 hisoblarida g‘alaba qozongandi.

Kecha bo‘lib o‘tgan yarim final jangida Meliqo‘ziyev meksikalik Misayel Rodrigezni 30:27, 30:27, 29:28 hisoblarida yengib, finalga yo‘llanma oldi. Finalda Bektemirga kubalik amaldagi jahon chempioni Arlen Lopez raqiblik qiladi. Bokschilarning o‘rtasidagi so‘nggi jang o‘tgan yili Dohadagi jahon chempionati finalida kechgan va unda kubalik bokschi ochkolar hisobida ustun kelgandi.

Mavzuga oid
Top