16:57 / 19.08.2016
3890

Sitsiliya bo‘g‘ozida 10 avgustdan buyon 730dan ortiq muhojir qutqarildi

10-17 avgust kunlari Sitsiliya bo‘g‘ozida O‘rta yer dengizi orqali Yevropa mamlakatlariga yetib olishga harakat qilgan 730dan ortiq muhojir va qochqin, ya'ni kuniga o‘rtacha 100 kishi qutqarib qolindi. Bu haqida Xalqaro migratsiya tashkilotining (XMT) rasmiy vakili Joel Millman xabar qildi

"XMT ma'lumotlariga ko‘ra, 17 avgust holatiga 266 026 muhojir dengiz orqali Yevropaga yetib kelgan", - deya ta'kidladi u, ularning aksariyati Gretsiya va Italiyaga yo‘l olgani ma'lum qilindi. 

Millmanning aytishicha, yil boshidan buyon kelgan kishilarning umumiy soni 2015 yilning xuddi shu paytiga nisbatan (354 618)  kamroq. Biroq yo‘lda halok bo‘lganlar soni o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan o‘tib ketgan: 2016 yilning 1 yanvaridan 18 avgustiga qadar O‘rta yer dengizida 3 156 nafar kishi cho‘kib ketgan yoki bedarak yo‘qolgan, o‘tgan yili esa bu ko‘rsatkich 2 333 kishidan iborat bo‘lgan. 

Berlinda joylashgan XMT tahlil markazi ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir necha kun ichida dengizda Liviya qirg‘oqlarida to‘rt nafar,  yil boshidan beri esa - umumiy hisobda 333 nafar cho‘kib ketgan kishining jasadi topilgan.

XMtda ta'kidlanishicha, dengizga cho‘kib ketgan kishilar soni bundan-da ko‘proq bo‘lishi mumkin. 
 

Mavzuga oid
Top