10:25 / 19.08.2016
5178

YUNISEF: Janubiy Sudanda 16 ming bola qurolli ixtilofda ishtirok etmoqda

Foto: Reuters

Janubiy Sudanda bolalarni askarlikka yollash davom etmoqda. Joriy yilning boshidanoq qurollangan guruhlar safiga 650 dan ko‘proq bola qo‘shilgan, 2013 yil oxiridan esa 16 ming voyaga yetmagan bola qo‘liga qurol olgan, deb aytilmoqda YUNISEF bayonotida. 

YUNISEFda mamlakatdagi to‘qnashuvlarning avj olishi o‘n minglab bolalarga tahdid solayotganidan xavotirlanishmoqda. 

YUNISEF ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatda birinchi yirik miqyosdagi to‘qnashuvlar boshlangan 2013 yil dekabridan 16 mingga yaqin bola qo‘liga qurol olgan. 2015 yilda mamlakatda eng yirik demobilizatsiya amalga oshirilgan va uning davomida 1,775 bola qurolli kuchlar safidan qo‘yib yuborilgan. "Janubiy Sudanda to‘qnashuvlar va qurolli kuchlar safiga safarbarlikning qayta boshlanishi bu jarayonga putur yetkazishi mumkin", deyilmoqda YUNISEF bayonotida. 

Iyul boshida, Janubiy Sudan mustaqilligining 5 yilligi arafasida mamlakat poytaxti Jubada hukumat qo‘shinlari va muxolifat kuchlari o‘rtasida yana janglar boshlandi. 

YUNISEFda ta'kidlanishicha, hozirda dunyoning eng yosh mamlakati hisoblanuvchi Janubiy Sudandagi ixtilof ortida qizlar va ayollarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik ham avj olmoqda. "Janubiy Sudanda urush olib borish vositasi sifatida foydalanilayotgan muntazam zo‘ravonliklar, jinsiy ekspluatatsiya va odam o‘g‘rilashlar tugatilishi kerak", deb aytdi tashkilot direktori o‘rinbosari Jastin Forsayt.

2013 yildan mamlakatda 900 mingga yaqin bola ichki ko‘chgan qochoqlarga aylangan, 250 ming bola zaruriy oziq-ovqat olmaydi va mamlakatdagi bolalarning yarmidan ko‘pi maktablarga bormaydi, bu esa aholi soniga nisbatan dunyodagi eng katta ko‘rsatkich hisoblanmoqda.

Top